Maxsus ishchi guruh Fargʻonada: Bogʻdod tumanida ahvol qanday?

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining maxsus ishchi guruhi 2020-yil 28-may kuni Fargʻona viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufidagi bolalar va oʻsmirlar sport maktablari hamda sport muassasalarining faoliyatini oʻrganish va ularga amaliy yordam koʻrsatish borasida oʻz ishini boshladi.
Vazirlik va boshqarmaning masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruh dastlab viloyatning Bogʻdod, Buvayda hamda Uchkoʻprik tumanlarini koʻzdan kechirishdi.
Viloyatning Bogʻdod tumanida joylashgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabida bugungi kunda 68 nafar trener faoliyat olib bormoqda. Shulardan 24 nafarini ayol trenerlar tashkil qiladi. Trenerlar hozirgi kunda pandemiya tufayli sportchilar bilan onlayn tarzda mashgʻulotlar olib bormoqda. Tumanda boks, futbol, voleybol, basketbol, erkin kurash, dzyudo singari 12 ta olimpiya sport turi, milliy sport turlaridan kurash, bel olish va belbogʻli kurash hamda 3 ta noolimpiya sport turini ommaviylashtirib kelmoqda. Jami shugʻullanuvchilar soni 2 536 nafarni tashkil etadi.
Aholining salomatligini mustahkamlash maqsadida, maktab-internat tashabbusi bilan 2020-yil fevral oyida tumanning “Bedarak” MFY hududida voleybol hamda “Muruvvat” MFY hududida basketbol maydonchalari tashkil etildi. Natijada bu yerda 60 nafar mahalliy aholiga sportning voleybol va basketbol turlari bilan shugʻullanish imkoniyati yaratildi.
Trenerlarning saʼy-harakatlari bilan Bogʻdod tumanidan Bilolbek Mirzarahimov (boks), Shohruh Azimov (baydarka va kanoeda eshkak eshish) singari iqtidorli sportchilar yetishib chiqqan.
Aholining keng qatlamini sportga jalb etish maqsadida, 2020-yilning 1 choragida (karantingacha) 62 ta ommaviy sport tadbiri oʻtkazilgan. Mazkur tadbirlarga 12 mingdan ziyod aholi jalb etilgan. Ayniqsa, 2020-yil 4-14-yanvar kunlari tumanda oʻtkazilgan “Umid nihollari”, fevral oyida ommaviy marafon (700 nafar aholi ishtirok etgan), Hokim kubogi uchun oʻtkazilgan sport tadbirlari va musobaqalar yuksak saviyada tashkil etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF–5924-sonli farmoniga asosan tuman sportning stol tennisi, belbogʻli kurash va erkin kurash turlariga ixtisoslashtirilgan boʻlib, hududda mazkur sport turlarining ommaviyligini oshirish borasida yetarlicha malakali sport trenerlari hamda sport inshootlari mavjud.
Tuman jismoniy tarbiya va sport boʻlimi rahbarlari va mutaxassislari tomonidan Bogʻdod tumanining 2020-yil uchun jismoniy tarbiya va ommaviy sport tadbirlari kalendar rejasi shakllantirilgan va tuman hokimligi bilan kelishilgan. Shuningdek, sport turlari boʻyicha tuman terma jamoalari roʻyxati shakllantirilgan.
Bogʻdod tuman jismoniy tarbiya va sport boʻlimi bolalar-oʻsmirlar sport maktabi bilan bir binoda joylashganligi sababli tuman jismoniy tarbiya va sport boʻlimi hamda bolalar-oʻsmirlar sport maktabi oʻrtasida uzviylik va hujjatlar almashinuvi yaxshi yoʻlga qoʻyilgan.
Sport maktabida boʻsh yer maydoni mavjud boʻlib, ushbu yer maydonida kurash sporti, shu jumladan ayollar kurashini rivojlantirish uchun sport maydoni tashkil etish boʻyicha takliflar oʻrganildi hamda ushbu masala tuman hokimligi bilan oʻrnatilgan tartibda kelishib olinishi choralari koʻrilishi belgilandi. Shuningdek, ishchi guruh tomonidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati