“Sogʻlom turmush” medali taʼsis etildi
Qonun bilan “Sogʻlom turmush” medali taʼsis etildi va medal toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Unga koʻra, “Sogʻlom turmush” medali bilan:
- aholi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, ortiqcha vazn va semizlikni bartaraf etish, zararli odatlarning oldini olish, sogʻlom ovqatlanish va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishni keng targʻib qilishga qoʻshgan katta hissasi uchun – sogʻliqni saqlash muassasalari shifokorlari, shu jumladan diyetologlar, jismoniy tarbiya instruktorlari, sogʻliqni saqlash masalalarini va sogʻlom turmush tarzini yorituvchi ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar;
- jismoniy tarbiya bilan muntazam shugʻullanish va uni kundalik turmush tarziga aylantirish, sogʻlom hayot tarziga qatʼiy amal qilish borasida jamoatchilikka shaxsiy namuna boʻlayotgani uchun – fuqarolar, namunali oilalar va sportchilar;
- ommaviy jismoniy faollik tadbirlarini tizimli tashkil qilish orqali uni umummilliy harakatga aylantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun – barcha darajadagi tashkilot va idoralar rahbarlari;
- oʻsib kelayotgan avlod oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish, uni jismoniy hamda intellektual jihatdan kamol toptirish, ruhiy barkamollikka yetkazish, qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish, sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini shakllantirishga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun – sport maktablari, umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim muassasalarining rahbarlari, sport trenerlari, jismoniy tarbiya va sport sohasining boshqa mutaxassislari;
- sport musobaqalari orqali yoshlarda iroda, matonat, oʻz kuchi va imkoniyatlariga ishonch fazilatlarini mustahkamlash, ularda vatanparvarlik, Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini yuksaltirish borasidagi ulkan xizmatlari uchun – mudofaa tizimi vakillari, yuqori natijalarga erishgan sportchilar va ularning trenerlari, hakamlar va sport tashkilotlarining vakillari;
- jismoniy tarbiya va sportni respublikamizda yana-da rivojlantirish va ommalashtirish, sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini yuqori saviyada tashkillashtirish, sportchilarning oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari va xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokini taʼminlashga qoʻshgan hissasi uchun – barcha darajadagi hokimlar va ularning oʻrinbosarlari, jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari rahbarlari, homiylar, sport federatsiya (uyushma)lariga biriktirilgan korxona va tashkilotlar rahbarlari mukofotlanadilar.
Shuningdek, “Sogʻlom turmush” medali bilan boshqa shaxslar ham aholi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishdagi, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanishi mumkin.
“Sogʻlom turmush” medali bilan mukofotlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti ham beriladi.
“Sogʻlom turmush” medali 0,25 mikron qalinlikda oltin qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻladi.
Medalning old tomoni quyi qismida Oʻzbekiston Respublikasining xaritasi aks ettirilgan Yer shari, uning yuqori qismida esa koʻtarilayotgan quyosh nurlari fonida sogʻlom oilaning ramziy tasviri joylashgan. Medalning aylanasi boʻylab yashil emal fonida “SOGʻLOM TURMUSH” yozuvi, quyi qismida esa sakkiz qirrali yulduzga tutashgan ikkita dafna novdasi joylashgan. Medalning orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati