Futbol boʻyicha agentlarni akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi joriy etiladi

Joriy yilning 22-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 311-sonli “Hududiy futbol assotsiatsiyalari faoliyatini yana-da qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, hududiy futbol assotsiatsiyalariga yuqori iqtidorga ega boʻlgan yosh futbolchilarni tanlash va saralab olish tizimini tubdan takomillashtirish, futbol sohasiga xususiy investitsiyalarni keng jalb etishni tashkil qilish kabi vazifalar tavsiya etildi.
“Sport maktablari futbol ligasi” va “Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sport va ommaviy tarbiya tadbirlari kalendar rejasiga kiritiladi.
Tegishli hududda professional futbolni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi, jumladan, har bir tumandan (shahardan) hududiy birinchiliklarda ishtirok etuvchi kamida bitta futbol jamoasi va oʻtkaziladigan musobaqalarga mos ravishda markaziy stadion boʻlishi taʼminlanadi.
Qarorga koʻra, Futbol boʻyicha agentlar (vositachilar) faoliyatini tartibga solish va ularni akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi amaliyotga joriy etiladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati