Jizzax viloyatida taekvondo WTning Pumse yoʻnalishi boʻyicha birinchi onlayn musobaqa oʻtkaziladi

Karantin davrida uy sharoitida mashgʻulot olib borayotgan sportchilarni ruhlantirish va ularning boʻsh vaqtini samarali oʻtishiga yordam berish, iqtidorli sportchilarni saralab olish, malakali sportchilarni tayyorlash tizimini doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish maqsadida Jizzax viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda Taekvondo WT assotsiatsiyasining viloyat boʻlimi bilan hamkorlikda taekvondoning Pumse yoʻnalishi boʻyicha birinchi onlayn musobaqa tashkil etilmoqda.

Onlayn musobaqa joriy yil 30-maydan 5-iyunga qadar boʻlib oʻtadi. Musobaqada 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan sportchilar ishtirok etishlari mumkin.

Musobaqada ishtirok etuvchi sportchilar yosh toifalariga koʻra 3 guruhga boʻlinadi:

1-guruh: 7-13 yoshli sportchilar;

2-guruh: 14-17 yoshli sportchilar;

3-guruh: 18 yoshdan yuqori sportchilar.

Musobaqada barcha ishtirokchilar Pumse yoʻnalishi boʻyicha oʻz chiqishlari yozilgan videolavhalarni telegram ijtimoiy tarmogʻidagi t.me/Jizzax_onlayn_musobaqa gruppasiga yuboradi;

Ishtirokchilar chiqishlarini boshlashdan oldin oʻzlarini tanishtirib (toʻliq ismi, familiyasi, otasining ismi, tugʻilgan yili va yashash manzili) oʻtadi.

Musobaqada yoshi va jinsidan qatʼiy nazar Jizzax viloyatining barcha aholisi ishtirok etishi mumkin.

Onlayn chempionatga joʻnatilgan videolar musobaqaning tashkiliy qoʻmitasi aʼzolari tomonidan koʻrib chiqiladi. Musobaqada ishtirok etib, 1-3 oʻrinni egallagan sportchilar esa Jizzax viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi.

Aziz Jizzaxliklar! Karantin davrini oʻz uyingizda oʻtkazgan holda sport bilan shugʻullaning hamda jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan tashkil etilayotgan onlayn musobaqada muntazam ishtirok etib, gʻolib boʻling!

Bu hali hammasi emas. Oldinda sizni boshqa sport turlari boʻyicha ham qiziqarli onlayn musobaqalar kutib turibdi.

Maʼlumot uchun telefonlar:

(90) 539-44-94
(99) 525-80-89
(72) 226-30-46

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati