Sardobalik bolalar oʻrtasida rasmlar tanlovi boʻlib oʻtdi

Sardoba suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilishi natijasida oʻz uy-joyidan ayrilgan aholining bir qismi Gulistondagi ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab internatiga evakuatsiya qilingan. Ayni paytda bu maskanda Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin hamda Mirzaobod tumanlaridagi mahallalardan koʻchirib kelingan 292 nafar aholi vaqtincha joylashtirilgan.
Mazkur sport maktabida istiqomat qilayotgan aholini boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida doimiy ravishda koʻngil ochar oʻyinlar va sport musobaqalari oʻtkazilmoqda. Shunday tadbirlardan biri kuni kecha boʻlib oʻtdi.
Prezidentimiz ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusi hamda, 1-iyun “Xalqaro bolalarni himoya qilish” kuni munosabati bilan “Biz sport bilan koronavirusni yengamiz” shiori ostida sport maktabi yotoqxonasiga joylashtirilgan bolalar oʻrtasida karantin qoidalariga rioya qilgan holda rasmlar tanlovi boʻlib oʻtdi.
Mazkur tanlovda 50 ga yaqin bolalar chizgan rasmlari bilan ishtirok etishdi. Yakuniy natijalarga koʻra faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan bolalar bilan bir qatorda barcha ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalar taqdim etildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati