Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ishchi guruhi bugun Oltinkoʻl tumanida boʻlishdi

Xabaringiz bor, shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh Andijon viloyatida jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish, bu borada hududlardagi mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Ishchi guruh vakillari bugun Oltinkoʻl tumanida joylashgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabida boʻlishdi. Ushbu tuman sportning gandbol, belbogʻli kurash va futbol turlariga ixtisoslashtirilgan boʻlib, tuman aholisining keng qatlamlarini ham sportga jalb etish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda Oltinkoʻl tuman bolalar-oʻsmirlar sport maktabida 34 nafar trener faoliyat olib bormoqda. Shundan 18 nafari oliy maʼlumotli, 2 nafari tugallanmagan oliy maʼlumotli boʻlsa, qolgan trenerlar oʻrta-maxsus maʼlumotga ega.
Sport maktabida 16 ta sport turi boʻyicha toʻgaraklarda jami 1227 nafar sportchi muntazam shugʻullanib kelishadi. Sport maktabida boks, futbol, gandbol, belbogʻli kurash, oʻzbek jang sanʼati, kikboksing va qoʻl jangi sport turlarida eng koʻp sportchi yoshlar shugʻullanmoqda.
Oʻrganishlar natijasiga koʻra, ishchi guruh Oltinkoʻl tumani BOʻSMning bugungi faoliyatidan kelib chiqib, sport turlariga ixtisoslashuvi, moddiy-texnika bazasining holatini yana-da rivojlantirish, sport inventarlari soni va bugungi holati, terma jamoa aʼzolarini shakllantirish masalalari boʻyicha tuman sport boʻlimi va BOʻSM masʼullari bilan fikr almashishdi
.
Ishchi guruhning Andijon viloyati boʻylab safari davom etmoqda. Eslatib oʻtamiz, yakunda viloyat sportining bugungi holatini oʻrgangan holda, hududlardagi taklif va ehtiyojlardan kelib chiqib, ishchi guruh tomonidan Andijon viloyatida sportni yana-da ommalashtirish va rivojlantirish boʻyicha maxsus dastur ishlab chiqiladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati