Xoʻjaobod – sport maktabining ahvoli qay darajada

Andijon viloyati Xoʻjaobod tuman bolalar-oʻsmirlar sport maktabi maxsus ishchi guruh tomonidan oʻrganildi. Mazkur sport maktabida ayni vaqtda 1392 nafar yoshlar tarbiyalanayotgan boʻlib, 52 nafar trener saboq berib kelmoqda. Shundan 27 nafari oliy maʼlumotli, 25 nafari esa oʻrta-maxsus maʼlumotga ega mutaxassislardir. Eʼtiborli tarafi 13 nafar ayol trener faoliyat olib boradi. Oliy maʼlumotga ega boʻlmagan trenerlarni bosqichma-bosqich oʻqitish va oliy maʼlumotga ega boʻlgan murabbiylar sonini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Xoʻjaobod tuman bolalar-oʻsmirlar sport maktabi bahodirlar oʻyini va tosh koʻtarish sport turiga ixtisoslashtirilgan boʻlib, asosan yoshlarni futbol, belbogʻli kurash, tosh koʻtarish va qoʻl jangi sport turlariga qiziqishi yuqori ekanligini koʻrish mumkin. Misol uchun 2019-yilda mazkur sport maktabidan 10 nafar Osiyo chempioni yetishib chiqqanini oʻzi ham tumanda sportga berilayotgan eʼtibor qay darajada ekanligini koʻrsatib turibdi.
Shuningdek, aytish joiz Andijondagi sport taʼlim muassasalari internet bilan taʼminlanganligi, moddiy-texnik bazasining rivojlanganlik darajasi, optik tolali internetning mavjudligi koʻzdan kechirildi hamda Axborot texnologiyalari boʻyicha mutaxassislarni jalb etilganlik darajalari oʻrganildi va tegishli tavsiyalar berildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligining maxsus ishchi guruhi Andijondagi faoliyatini davom ettirmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati