Andijonda sport tashkilotlarining moddiy-texnik bazasi yana-da takomillashtiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh Andijon viloyatida jismoniy tarbiya va sport sohasida aholi sogʻligʻini mustahkamlashga koʻmaklashadigan aniq dasturlarni amaliyotga joriy etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish va ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, sport turlari boʻyicha yuqori natijalarni taʼminlaydigan mahoratli sportchilar bilan milliy terma jamoalarni shakllantirish va trenerlar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Jumladan, viloyatdagi barcha sport taʼlim muassasalarining moddiy-texnikа bazasi holati, internet bilan jihozlanganligi va tezkor axborot almashuv tizimining faoliyati oʻrganilmoqda. Bu borada ayni damdagi holatni yana-da yaxshilash borasida vazirlik tomonidan sport tashkilotlariga koʻmak koʻrsatilayapti.
Bu hududlarda sport maktablari va sport taʼlim muassasalarining kadrlari salohiyati va trenerlarga boʻlgan ehtiyoji hamda uni bartaraf etish boʻyicha maqsadli qabul boʻyicha takliflari oʻrganib chiqilmoqda.
Shuningdek, hududlarning sport turlariga ixtisoslashuvi, moddiy texnik bazasining holatini yana-da rivojlantirish, sport inventarlari soni va bugungi holati, terma jamoa aʼzolarini shakllantirish masalalari boʻyicha ishchi guruh tuman masʼullariga yaqindan koʻmaklashmoqda.
Bundan tashqari, hududlardagi sport maktablari va sport taʼlim muassasalarining boʻsh yer maydonlari va ulardan maqsadli foydalanish rejasi boʻyicha tadbirkorlar tomonidan kiritilayotgan takliflar ham koʻrib chiqilyapti. Bu borada ishchi guruh vakillari mahalliy tadbirkorlar bilan yuzma-yuz ochiq suhbatlar oʻtkazmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati