Ishchi guruh Andijon shahridagi chim ustida hokkey boʻyicha asosiy bazaning bugungi holati bilan tanishdi

Sir emaski, oxirgi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning jismoniy reabilitatsiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakat sportchilarining xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Andijon viloyatida jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish, bu borada hududlardagi mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish va pandemiya munosabati bilan ish jarayonlarini tashkil etishda uslubiy yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh viloyatda oʻz ish faoliyatini davom ettirmoqda.

Kecha ishchi guruh tomonidan kunning ikkinchi yarmida Andijon shahri boʻylab jismoniy tarbiya va sport sohasida olib borilayotgan ishlar va sport maktablarida shugʻullanayotgan iqtidorli sportchilarni saralab olish hamda ulardan sport turlari boʻyicha hududiy terma jamoalarni shakllantirish boʻyicha qilingan amaliy ishlar bilan yaqindan tanishildi.

Ishchi guruh vakillari, jumladan Andijon shahar sportning oʻyin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabida boʻlishib, unga qarashli “Barkamol avlod” sport majmuasining bugungi holatini oʻrganishdi.

Ushbu sport majmuasida chim ustida hokkey boʻyicha jahon standartlariga toʻla javob beruvchi Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan stadion mavjud boʻlib, bu yer ushbu sport turi boʻyicha shugʻullanayotgan yoshlar va Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun asosiy baza hisoblanadi.

Oʻn mingga yaqin tomoshabinga moʻljallangan zamonaviy koʻrinishdagi ushbu stadionda chim ustida hokkeyni rivojlantirishda zarur boʻlgan barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan.

Shuningdek, ishchi guruh va viloyat sporti mutasaddilari shaharning ommaviy sport turlariga ixtisoslashuvi hamda mahalliy aholi va yoshlarni sportga keng jalb qilgan holda aholi salomatligi darajasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama etishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati