Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ishchi guruhi Andijon viloyatida sportni yana-da rivojlantirish borasida koʻmaklashmoqda

Bugun, 19-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh Andijon viloyatida jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish, bu borada hududlardagi mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish va pandemiya munosabati bilan ish jarayonlarini tashkil etishda uslubiy yordam koʻrsatish maqsadida viloyatda oʻz ish faoliyatini boshladi.
Bunda Andijon viloyati tuman va shaharlarini toʻrt hududga boʻlgan holda ishchi guruhning vazifalari belgilab olindi hamda shunga koʻra yoʻl xaritasi ishlab chiqildi.
Bugun tongdan ish faoliyatiga kirishgan ishchi guruhning bir guruh vakillari Andijon viloyatining chekka hududi hisoblangan Xonabod tumanidagi Bolalar-oʻsmirlar sport maktabi va unga qarashli sport inshootlarining bugungi holatini oʻrganishdan boshlagan boʻlsa, ikkinchi guruh vakillari viloyatning Qoʻrgʻontepa, Buloqboshi tumanlarida boʻldi.
Bu hududlarda sport maktablari va sport taʼlim muassasalarining kadrlari salohiyati va trenerlarga boʻlgan ehtiyoji hamda uni bartaraf etish boʻyicha maqsadli qabul boʻyicha takliflari oʻrganib chiqilmoqda. Shuningdek, hududlarning sport turlariga ixtisoslashuvi, moddiy texnik bazasining holatini yana-da rivojlantirish, sport inventarlari soni va bugungi holati, terma jamoa aʼzolarini shakllantirish masalalari boʻyicha ishchi guruh tuman masʼullariga yaqindan koʻmaklashmoqda.
Bundan tashqari, hududlardagi sport maktablari va sport taʼlim muassasalarining boʻsh yer maydonlari va ulardan maqsadli foydalanish rejasi boʻyicha tadbirkorlar tomonidan kiritilayotgan takliflar ham koʻrib chiqilib, ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tadbirkorlar bilan yuzma-yuz ochiq suhbatlar oʻtkazilmoqda.
Shuningdek, Andijon viloyati boʻylab tashkil etilayotgan jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini respublika boʻylab ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish jarayonlari oʻrganilib, bu boʻyicha amaliy koʻmak berish masalasi tegishlicha hal etilmoqda.
Ertaga ishchi guruh oʻz faoliyatini davom ettirib, Jalaquduq, Asaka, Marhamat va Andijon tumanlaridagi holatlarni oʻrganib chiqadi.
Yakunda viloyat sportining bugungi holatini oʻrgangan holda, hududlardagi taklif va ehtiyojlardan kelib chiqib, ishchi guruh tomonidan Andijon viloyatida sportni yana-da ommalashtirish va rivojlantirish boʻyicha maxsus dastur ishlab chiqiladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati