Maxsus ishchi guruh Qorasuv shahridagi holatni oʼrgandi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligining maxsus ishchi guruhi aʼzolari bugunning oʼzida viloyatning Qorasuv tumanini ham oʼrganishdi. Ushbu oʼrganishlar natijasiga koʼra Аndijon viloyatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi hamda viloyatda sport rivoji yangi bosqichga koʼtariladi.
Qorasuv shahar 2-sonli bolalar-oʼsmirlar sport maktabi 2016 yilda foydalanishga topshirilgan. Bu yerda ayni vaqtda 812 nafar yoshlarga 28 nafar trener saboq berib kelmoqda. Shundan 6 nafari oliy maʼlumotli, yana shunchasi tugallanmagan oliy maʼlumotli, qolganlar esa oʼrta-maxsus maʼlumotga ega mutaxassislardir. Оliy maʼlumotga ega boʼlmagan trenerlarni bosqichma-bosqich oʼqitish va oliy maʼlumotga ega boʼlgan murabbiylar sonini oshirish boʼyicha ham topshiriq berildi.
Bolalar-oʼsmirlar sport maktabida sportning boks, erkin kurash, belbogʼli kurash, stol tennisi, gandbol yoʼnalishlari ancha ommalashgan. Buni ushbu sport toʼgaraklariga aʼzo yoshlar koʼpligidan ham bilib olish qiyin emas. Birgina erkin kurash sporti bilan 150 nafarga yaqin yoshlar shugʼullanib kelmoqda. Shundan 9 nafari turli yosh toifalarida respublika chempioni, uch nafari emas Oʼzbekiston terma jamoalari aʼzosi sanalishadi. Qolaversa, belbogʼli kurash va boks boʼyicha ham ikki nafar qiz mamlakat oʼsmirlar terma jamoasiga qabul qilingan.
Bolalar-oʼsmirlar sport maktabida bitta sport zal mavjud boʼlib, aksariyat sport turlari boʼyicha toʼgaraklar oʼsha yerda faoliyat olib boradi. Shuningdek, mahalliy tadbirkor bilan kelishgan holda erkin kurash turi bilan shugʼullanish uchun ham sharoitlar yaratilgan.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati