Turon yakkakurashi boʼyicha onlayn musobaqa yakunlandi

Koronavirus infektsiyasi tarqalishini oldini olish boʼyicha mamlakatda eʼlon qilingan karantin davrida aholini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʼullanishlari va ularni sportga jalb qilish maqsadida Turon yakkakurashining erkin mashq yoʼnalishi boʼyicha “Uyda qolib musobaqada ishtirok et!” shiori ostida Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi onlayn kubogi boʼlib oʼtdi.

Mazkur musobaqada boshqarma tasarrufidagi sport taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari ishtirok etishdi. Musobaqada Toshkent viloyatidagi tuman (shahar)larda turon yakkakurashi bilan shugʼullanayotgan jami 200 ga yaqin oʼgʼil-qizlar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar alohida toifalarga boʼlinib videolavhalar yuborgan holda ishtirok etishdi. Sportchilar tomonidan olingan videolavhalar ishtirokchilarning texnik-taktik harakatlari, oyoq-qoʼl zarbalari, egiluvchanlik qobiliyatlarini bajara olishi hamda kurash usullarini yakka tartibda bajarishlari Oʼzbekiston Turon yakkakurashi federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan hakamlar tomonidan baholab borildi.

Musobaqa yakunlariga koʼra eng koʼp ochko toʼplagan ishtirokchilar bilan tanishing:

Oʼgʼil bolalar oʼrtasida birinchi oʼringa Bekzod Gʼulomov (Toshkent tumani), ikkinchi oʼringa Shahzod Razzoqov (Zangiota tumani) hamda faxrli uchinchi oʼringa biryoʼla ikki nafar ishtirokchi - Bekzod Аsatullayev (Toshkent tumani) hamda Olimjon Zunnunjonov (Zangiota tumani)lar munosib koʼrildi.

Qizlar oʼrtasida faxrli birinchi oʼrinni Raʼno Karimova (Toshkent tumani), ikkinchi oʼrinni esa Mahfuzabonu Аminova (Chirchiq shahri) qoʼlga kiritishgan boʼlsa, mos ravishda uchinchi oʼringa oʼgʼil bolalarda boʼlgani kabi 2 nafar sportchi - Feruza Soatova (Аngren shahri) hamda Xadicha Xolmatova (Pskent tumani)lar loyiq koʼrilishdi.

Gʼolib sportchilarga Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan diplom, medal va qimmatbaho sovgʼalar topshirildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati