Shaxmat boʼyicha birinchi onlayn Oʼzbekiston chempionatining navbatdagi gʼolibi Qashqadaryodan

Joriy yilning 11-may kunidan eʼtiboran, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan havaskorlar oʼrtasida shaxmat boʼyicha birinchi onlayn Oʼzbekiston chempionati oʼtkazilmoqda.
Karantin davrida aholining boʼsh vaqtini mazmunli tashkil etish, yurtdoshlarimiz orasida shaxmatni yanada rivojlantirish maqsadida oʼtkazilayotgan onlayn musobaqaning 16-may kungi bahslari ham juda murosasiz ruhda boʼlib oʼtdi.
Onlayn Oʼzbekiston chempionatining 6-turnirida Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida tugʼilgan Karimov Shaxzod eng yaxshi natijani qayd etgan holda navbatdagi chempionga aylandi.
Maʼlumot uchun, ushbu onlayn musobaqa gʼoliblari 3 million soʼm miqdoridagi pul mukofoti hamda shaxmat boʼyicha havaskorlar oʼrtasida birinchi onlayn Oʼzbekiston chempionati gʼolibi diplomi bilan taqdirlanadi.
Eslatib oʼtamiz, shaxmat boʼyicha havaskorlar oʼrtasida birinchi onlayn Oʼzbekiston chempionati 20-mayga qadar davom etadi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati