Qoraqalpogʻistonda stol tennisining rivoji qay holatda?

Mamlakatimizda navqiron avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun qulay sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotgani tufayli yurtimizda Olimpiya oʻyinlari turkumidan joy olgan stol tennisi ham tobora ommalashmoqda. Xususan, qishloq joylarda ham sportning ushbu turi boʻyicha toʻgaraklar tashkil etilgan boʻlib, ularda shugʻullanayotgan yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Jumladan, Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi bugungi kunda mazkur sport turini yana-da rivojlantirish boʻyicha bir qator samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Hududdagi bolalar va oʻsmirlar sport maktabida 15 ta, ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab-internatida bittadan sport toʻgaraklari faoliyat olib bormoqda. Ushbu toʻgaraklarda 60 nafar murabbiy jami 2173 nafar oʻsmirlar, yoshlar va kattalarga stol tennisining sir-sinoatlarini oʻrgatib kelmoqda.

Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasi Qoraqalpogʻiston va viloyat boʻlimlarining faoliyatini samarali tashkil etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali kadrlar bilan taʼminlash, qishloq, tuman, shahar va viloyatlarda musobaqalarni yuqori saviyada oʻtkazish orqali sportchi va murabbiylarning tajribasi va mahoratini oshirib borishga doir ishlarni yana-da samarali tashkil etish yuzasidan doimo oʻz tavsiyalarini berib kelmoqda.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 9-martdagi qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi sportchilarini Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash”ga oid qarori mazkur vazifalarni amalga oshirishda muhim omil boʻlmoqda.

– Qarorda yuqori salohiyatli sportchi va murabbiylarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, olimpiyachilarimiz zaxirasini boyitishga alohida eʼtibor qaratilgan, – deydi Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi ijrochi direktori Murat Izmuratov. – Respublikamizda stol tennisi boʻyicha oʻquv-mashgʻulot jarayonlarini eng zamonaviy talablar darajasida tashkil etish, jismoniy, ijtimoiy-psixologik, tibbiy-biologik tayyorgarlikni yaxshilash, bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida ushbu sport turini yana-da ommalashtirish boʻyicha keng koʻlamli vazifalar belgilangan. Bizga ushbu vazifalarni mukammal bajarishimizga barcha imkoniyatlarni yaratib berayotgan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qoʻmitasidan minnatdormiz.

Bugun Qoraqalpogʻistonda oʻz oldiga yuqori marralarni zabt etishdek maqsadlarni qoʻygan yoshlari koʻp. Ayniqsa, stol tennisi boʻyicha Lazzat Nazirboyev, Muhriddin Rajabov, Sherzod Yoʻldoshev, Muso Tanatarov, Dilshod Rajabov, Damir Juzbanov, Aziza Askerboyeva, Gulnoz Aynazarova, Umida Sobirova kabi yosh isteʼdod egalari mamlakat chempionatlarida doimo shohsupaning yuqori pogʻonalaridan joy olib keladi.

– Sportchilarimizning mahoratini oshirishda, federatsiyamiz tomonidan biz murabbiylarga oʻtkazilayotgan turli xil seminarlar muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi stol tennis boʻyicha Qoraqalpogʻiston jamoasi bosh murabbiyi Begdiyar Sariboyev. – Stol tennisi qoraqalpogʻistonlik yoshlarning eng sevimli sport turlaridan biriga aylandi. Shu sababli ham toʻgaraklarda mazkur sport turi bilan shugʻullanuvchilar soni koʻpaymoqda. Shuningdek, terma jamoa safida iqtidorli sportchilarni saralash ishlari tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilgan. Sport maktablari, tuman va shahar birinchiliklarida yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan sportchilar, jamoaga qabul qilinadi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda koʻplab yoshlar stol tennisiga oshno boʻlmoqda. Ana shunday umidli sportchilarimizdan biri Mangʻit shahrining Amudaryo tumanida 2004-yili dunyoga kelgan Lazzat Nazirboyevdir.

Lazzatning otasi Abdulla aka oʻgʻlini sportga boʻlgan qiziqishi sabab, jarohat kam oluvchi va uning har tomonlama komil inson boʻlib voyaga yetishi uchun stol tennisi toʻgaragiga olib boradi. Yosh tennischimiz murabbiylarning koʻrsatmalarini tezda oʻzlashtiradi. Bolalar oʻrtasida oʻtkazilgan turli musobaqalarda mahoratini oshiradi va 2018-yili Nukus shahrida 2004-yilda tugʻilgan va undan kichik oʻgʻil bolalar oʻrtasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatida bronza medalini qoʻlga kiritadi. Oradan bir yil oʻtib, Jizzax shahri mezbonlik qilgan mamlakat birinchiligida 16 yoshgacha boʻlgan tennischilar oʻrtasidagi bahslarda barcha raqiblarini yengib, Qoraqalpogʻiston terma jamoasiga oltin medalni taqdim etadi.

Hozirda Nukus ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati stol tennisi boʻyicha 9-sinf oʻquvchisi boʻlgan L.Nazirboyev mashgʻulotlarini muntazam olib bormoqda. Umid qilamizki, Lazzat kelgusida mamlakat sharafini yana-da yuksak marralarni zabt etadi.

– Oʻz yosh toifamda Oʻzbekiston chempioni degan nomga sazovor boʻlishdek, baxtga erishganimdan xursandman. Bu gʻalabam zamirida, Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasi tomonidan yaratib berilgan sharoitlar, murabbiylarimning aniq koʻrsatmalari va ota-onamning duosi yotibdi. Hozirda karantin holati joriy etilgan boʻlsada, uyimda masofaviy tarzda davom ettirmoqdaman. Biz yoshlarga shunday imkoniyatlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga minnatdorchilik bildiraman va kelgusida mamlakatimiz bayrogʻini koʻklarga koʻtarish uchun bor-kuch gʻayratimni ishga solaman.

Manba: https://t.me/UTTFuznews

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matubot xizmati