Sirdaryolik sportchi yoshlar onlayn mashgʻulotlarda faol ishtirok etishmoqda

Jismoniy tarbiya va sport vazirining tegishli buyrugʻi bilan vazirlik tizimida faoliyat koʻrsatayotgan barcha taʼlim muassasalari, jumladan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Respublika Olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, Olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan maktab internatlar, IBOʻSMlar, BOʻSMlaridagi pullik va bepul toʻgaraklar, shuningdek, yopiq suzish havzalaridagi barcha toʻgaraklar nomuayyan muddatga taʼtilga chiqarilgan edi.

Jumladan, Respublikadagi barcha sport taʼlim muassasalari qatori Sirdaryo viloyatida jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufidagi Olimpiya zaxiralari maktab-internati, futbol mahorat maktabi (futbol akademiyasi), tuman (shahar) bolalar-oʻsmirlar sport maktablari, viloyat sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari sportchi-oʻquvchilari vaqtinchalik taʼtil davomida jismoniy holatlarini bir maromda saqlab turish eng muhimi boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish hamda karantin qoidalariga toʻliq amal qilgan holda uy sharoitida trenerlar tomonidan berilgan koʻrsatmalarga asosan mashgʻulotlarni davom ettirib kelishmoqda.

Sport bilan shugʻullanish yoki har kuni juda boʻlmaganda yarim soat jismoniy mashqlarni bajarish va faol boʻlish, turli kasalliklarga nisbatan immunitet hosil qiladi, qon aylanish jarayoni tezlashtiradi, ruhan mustahkamlikka erishishga yordam beradi, tanada ortiqcha yogʻlar hosil boʻlishini oldini oladi. Bu esa hozirgi paytda juda ham muhim. Bizga berilgan ana shu bebaho imkoniyatdan toʻgʻri foydalanaylik. Karantin vaqtida kundalik hayotda ham sogʻligʻingizni asrashni va unga befarq boʻlmaslikni oʻzingiz hal eting va xulosa chiqaring.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati