Xorazm viloyati futbol akademiyasi namunali mahorat dargohiga aylantiriladi

Xorazm viloyatida sport taʼlim muassasalari, ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari hamda bolalar-oʻsmirlar sport maktablari infratuzilmasini yaxshilash, uning moddiy-texnika bazasini yuksaltirish borasida saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, bugungi kunda Xorazm viloyati bolalar-oʻsmirlar futbol akademiyasining uch qavatdan iborat yotoqxona binosi va oshxonasi mukammal taʼmirlanmoqda. Eʼtiborlisi, taʼmirdan keyin binoning birinchi qavatiga akademiyaning umumtaʼlim maktabi joylashtirilsa, yuqori ikki qavati 160 nafar tarbiyalanuvchiga moʻljallangan yotoqxonaga aylantiriladi. Oshxona ham shuncha oʻrindan iborat. Belgilangan ishlar nihoyasiga yetgach esa barcha xonalar yangi jihoz va anjomlar bilan toʻliq taʼminlanadi. Bir soʻz bilan aytganda, akademiyada yangi oʻquv yilidan xorazmlik yoshlarning nafaqat toʻlaqonli mashgʻulotlar oʻtkazishlari va taʼlim olishlari, qolaversa, maʼnaviy va madaniy hordiq chiqarishlari uchun ham keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratib beriladi.
Oʻz navbatida viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Artik Palvanov taʼmirlash jarayoni bilan yaqindan tanishish maqsadida ushbu obyektga tez-tez tashrif buyurib, oʻzining amaliy yordamini, foydali maslahatini darigʻ tutmayapti. Tabiiyki, bu mehnat qilayotgan ustalarga kuch-gʻayrat va shijoat bagʻishlamoqda.
Kezi kelganda taʼkidlab oʻtish joizki, futbol akademiyasi qoshida 12 069 nafar tomoshabinni sigʻdiradigan zamonaviy stadion, ikkita sunʼiy qoplamali va bitta tabiiy chimli mashgʻulotlar uchun futbol maydonchalari ham mavjud.
Bolalar-oʻsmirlar futbol akademiyasi direktori Sherzod Ibodullayevning taʼkidlashicha, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasining har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi evaziga yana bir nechta loyihani hayotga tatbiq etish boʻyicha izlanishlar olib borilmoqda. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, kelgusida mazkur akademiyani mamlakatimizning eng namunali mahorat dargohiga aylantirishdir. Bu yoʻlda voha sporti mutasaddilariga omad tilab qolamiz.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati