“Toshkent yoʻlbarsi” deya nom qozongan boks afsonasi haqida

 

Boksdagi faoliyati orqali butun dunyoda “Toshkent yoʻlbarsi” nomi bilan dong taratgan afsonaviy bokschi Rufat Risqiyev 1949-yil 2-oktyabr kuni Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon shahrida tavallud topgan.

Rufat Risqiyev 14 yoshidan boshlab boks bilan jiddiy ravishda shugʻullana boshlagan. U oʻzbek bokschilari orasida xalqaro maydonlarda sovrindor boʻlgan dastlabki bokschi sifatida tarixga muhrlangan.

Rufat Risqiyev oʻz karyerasi davomida u 189 ta jang oʻtkazib, shundan 174 tasini gʻalaba bilan yakunlagan. Ilk bor 1972-yilda 75 kilogrammgacha vazn toifasida Sobiq ittifoq chempionligini qoʻlga kiritgan. Oʻzbek boksi afsonasi 1974-76 yillarda qatorasiga uch bor yana mamlakatda tengsiz ekanligini isbotlagan.

U 1974-yilda Gavanada oʻtkazilgan boks boʻyicha ilk jahon chempionatida barcha raqiblarini tiz choʻktirib, oltin medalni qoʻlga kiritadi. Qayd etish lozim, AIBA 1974-yildan eʼtiboran havaskorlar oʻrtasida jahon chempionati tashkil etish boʻyicha qaror qabul qilgan va Rufat Risqiyev dastlabki chempionlardan biri sifatida tarixga kirgan. U paytlarda boks boʻyicha jahon chempionati xuddi Olimpiya oʻyinlari singari har toʻrt yilda bir marta oʻtkazilar edi.

Rufat Risqiyev 1976-yilda Monreal shahri mezbonlik qilgan toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasi sanalmish Olimpiya oʻyinlarida finalgacha yetib borib, musobaqaning kumush medaliga sazovor boʻlgan. Ushbu Olimpiya oʻyinlaridan soʻng 27 yoshli Rufat Risqiyev faoliyati davomida orttirgan jarohatlari sabab katta sportni tark etishga qaror qiladi.

Rufat Risqiyev sobiq Ittifoq boks federatsiyasi tomonidan “Eng yaxshi bokschi” unvoni bilan taqdirlangan. Maʼlumot uchun, ushbu mukofot 1948-yilda Rossiyada boksning 50 yilligi munosabati bilan taʼsis etilgan boʻlib, unvonga oʻz davrining yengilmas bokschilari sazovor boʻlishgan.

Sportdagi faoliyatidan soʻng Rufat Risqiyev oʻz hayotiga bagʻishlab ishlangan “Ringga chorlamoqda...” filmida suratga tushgan.

1997-yilda Rufat Risqiyev WBAning hakamlar boʻlimiga aʼzo boʻldi va Markaziy Osiyoda professional boks boʻyicha xalqaro toifadagi birinchi hakamga aylandi.

Rufat Risqiyev 1977-yilda Maʼmuraxon Risqiyeva bilan turmush quradi. Ushbu nikohdan ikki oʻgʻil va bir qiz dunyoga kelgan. Hozirda 7 nabirani tarbiyalab, voyaga yetkazmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati