Sportchi va sanʼatkorlar "Sardoba fojiasi" jabrdiydalari holidan xabar olishdi

Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlikda "Sardoba fojiasi" natijasida Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida joylashgan 532-sonli harbiy qism yotoqxonasiga vaqtincha evakuatsiya qilingan aholi bilan uchrashdi. Mazkur harbiy qismga Sirdaryo viloyatining Sardoba, Mirzaobod hamda Oqoltin tumanlaridagi “Birlik”, “Navbahor”, “Tinchlik” va “Shodlik” mahallalarida istiqomat qiluvchi jami 195 nafar fuqaro joylashtirilgan.

“Sardoba” fojiasi jabrdiydalari bilan doʻstona uchrashuvda xalqimizning sevimli sanʼatkorlari, jumladan Oʻzbekiston xalq artisti, “Shaytanat” serialidagi Asadbek obrazi bilan yurtdoshlarimiz qalbidan joy olgan Yodgor Saʼdiyev, taniqli rejissyor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Mirzaahmedov, shuningdek taniqli sportchilar, dzyudo boʻyicha Osiyo chempioni, harbiylar oʻrtasida jahon chempionati gʻolibi Ramziddin Saidov, taekvondo VTF boʻyicha Osiyo oʻyinlari gʻolibi Jasur Boyqoʻziyev, shaxmat boʻyicha koʻplab xalqaro turnirlar gʻolibi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Sarvinoz Qurbonboyeva, erkin kurash boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempioni Jamshid Maʼrufov, Bahodirlar oʻyini va tosh koʻtarish boʻyicha jahon chempioni, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohibi Javohir Qurbonov, sportning Universal jang turi boʻyicha 8 karra jahon chempioni Alisher Abdullayevlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda dastlab sanʼatkorlar oʻz chiqishlari bilan yigʻilganlarni xushnud etdi. Shundan soʻng davrada mahalliy sportsevar yoshlar oʻz mahoratlarini namoyish etishdi va ular taniqli sportchilarimiz tomonidan ragʻbatlantirib turildi. Ehtimol, sirdaryolik yoshlarga berilgan sovgʻalarning qiymati yuqori emasdir, ammo buni jahon chempionlari, qaysiki xalqaro arenalarda vatanimiz bayrogʻini yuqorilarga koʻtarib kelayotgan sportchilar qoʻlidan qabul qilib olish oʻsha bolakayning murgʻak qalbida sportga mehr uygʻotishiga shubha yoʻq.

Shuningdek, tadbir davomida Sarvinoz Qurbonboyeva mahalliy shaxmat ishqibozlariga oʻziga xos master-klass (mahorat darslari) oʻtdi. Tadbir soʻngida fuqarolarni boʻsh vaqtlarida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari, qolaversa kitob oʻqishlari uchun sport formalari va badiiy asarlar taqdim etildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati