Onlayn shaxmat musobaqasida qoidani buzganlar chetlatildi va yangi gʻolib aniqlandi

12-may kuni boʻlib oʻtgan shaxmat boʻyicha havaskorlar oʻrtasidagi birinchi onlayn Oʻzbekiston chempionatining ikkinchi turniri natijalari boʻyicha chess.com saytining Fair Play jamoasi xulosasini oldik.

Tekshiruv natijalariga koʻra, ikkinchi turnirda dastlabki uchta oʻrinni egallagan havaskor shaxmatchilar musobaqa qoidalarini qoʻpol ravishda buzgani uchun diskvalifikatsiya qilindi, shuningdek yana uch nafar ishtirokchi ham musobaqadan chetlatildi.

Umid qilamizki, ushbu ayanchli voqea qolgan ishtirokchilar uchun saboq boʻladi va boshqa bu kabi adolatsizlik, nopok oʻyinlar takrorlanmaydi.

Jumladan, ikkinchi turnir gʻolibi boʻlgan Alisher Rustamov musobaqa ishtirokchilari reytingi (2100dan yuqori boʻlmagan) bilan bogʻliq Nizom talablarini buzganligi uchun musobaqadan butunlay chetlatildi.

Shaxmat boʻyicha birinchi onlayn Oʻzbekiston chempionatining ikkinchi turniri gʻolibi deb 2006-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan Maftuna Bobomurodova topildi. Tabriklaymiz!

Unutmang, adolatli kurash va oʻzaro hurmat asosida qozonilgan gʻalaba bebahodir!

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati