125 nafar koʻngilli sportchi Sardoba tumanida yuz bergan texnogen falokat oqibatlarini bartaraf etishda qatnashdi

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida yuz bergan texnogen falokat oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida harbiylarimiz va mahalliy aholi vikillaridan tashqari mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan koʻngillilar ham faol mehnat qilishmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan zarar koʻrgan hududlarda sportchi va trenerlardan tashkil topgan “Koʻngilli sportchilar” guruhi talofat koʻrgan aholi turar joylari, ijtimoiy soha obyektlari va yoʻllarni qayta tiklash boʻyicha olib borilayotgan ishlarga koʻmaklashmoqda.
Bugun, 12-may kuni erta tongdan 125 nafar koʻngilli sportchi Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida tashkil etilgan hasharlarda ishtirok etishmoqda.
Mazkur jarayon Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati tomonidan doimiy nazoratga olingan. “Koʻngilli sportchilar” guruhi aʼzolari karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda yurtdoshlarimizning ogʻirini yengil qilishga oʻz hissalarini qoʻshmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati