Xorazm viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining tegishli buyrugʻi bilan, shu kungacha Urganch shahar yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi direktori lavozimida faoliyat yuritib kelgan Polvonov Ortiq Maqsudbekovich Xorazm viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Ortiq Polvonov 1980-yil 19-noyabr kuni Urganch shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy. 2006-yili Urganch davlat universitetining jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat fakultetini (sirtqi) tugatgan. Oilali, uch nafar farzandning mehribon otasi.

Mehnat faoliyatini 2005-yili Urganch shahar hokimligi madaniyat va sport ishlari boʻlimi ommaviy sportni rivojlantirish va sport tadbirlarini tashkil etish boʻyicha bosh inspektori lavozimida boshlagan.

2006-2013-yillar mobaynida Xorazm viloyati hokimligi madaniyat va sport ishlari boshqarmasi tasarrufidagi 3-sonli bolalar-oʻsmirlar sport maktabi direktori, soʻngra Xorazm viloyati 2-sonli Olimpiya zaxiralari ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabi direktori boʻlib ishlagan.

2016-yildan shu kungacha Xorazm viloyati yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi direktori lavozimida mehnat qilib kelayotgan edi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Ortiq Polvonovga masʼuliyatli lavozimda omad tilaydi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati