Shaxmat: havaskorlar oʻrtasida birinchi onlayn Oʻzbekiston chempionatining dastlabki gʻolibi aniqlandi
“Uyda qol va gʻalaba qozon” shiori ostida oʻtkazilayotgan musobaqada ishtirok etish uchun shu kungacha ikki mingdan ortiq havaskor shaxmatchi roʻyxatdan oʻtishgandi. Kecha boshlangan dastlabki kungi musobaqada ularning katta qismi gʻoliblik uchun dona surishdi, ammo baʼzilar turnir boshlanganini unutib qoʻyishdimi boshqa sabab bilanmi bahslarda ishtirok etishmadi.
11-may kungi turnirda gʻoliblik samarqandlik Jamshid Tohirovich Mustafoyevga nasib etdi. 1991-yilda tugʻilgan ushbu havaskor shaxmatchi eng yaxshi natija bilan birinchi onlayn Oʻzbekiston chempionatining dastlabki chempioniga aylandi. U 3 million soʻm hamda shaxmat boʻyicha havaskorlar oʻrtasida birinchi onlayn Oʻzbekiston chempionati gʻolibi diplomi bilan taqdirlanadi.
Aziz yurtdoshlar, shaxmat boʻyicha havaskorlar oʻrtasida birinchi onlayn Oʻzbekiston chempionati 20-mayga qadar davom etadi. Agarda siz dastlabki turnirlarda roʻyxatdan oʻtib, musobaqada ishtirok etolmagan boʻlsangiz, sira ham afsuslanmang. 20-mayga qadar roʻyxatdan oʻtishingiz va darhol musobaqada ishtirok etishni boshlashingiz mumkin. Demak, hali ham kech emas va musobaqada ishtirok etishga shoshiling!
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati