Milliy-madaniy merosimiz boʻlgan bel olish kurashi haqida nimalarni bilasiz?

Sobiq ittifoq davrida milliy-madaniy merosimizning bir boʻlagi boʻlgan milliy kurashlarimiz va ularni rivojlantirishga yetarlicha eʼtibor berilmagan. Aksincha, uni avaylab-asrash oʻrniga, reja asosida koʻzlangan maqsadlar yoʻlida foydalanib kelindi. Natijada, bir necha asrlardan beri mavjud boʻlgan milliy kurash turlari qisqartirilib, hozirgacha ularning ikki turi bizgacha yetib keldi. Oʻz vaqtida milliy kurash turlariga bunday munosabatlarga nisbatan pahlavonlar oʻrtasidagi eʼtirozlarga eʼtibor berilmagan. Milliy kurashlarimiz qoidalarini ishlab chiqishda ham ularga boshqa kurash qoidalari tatbiq etildi. Natijada ular asta-sekinlik bilan milliylikdan uzoqlasha bordi. Biroq, oʻsha davr talabiga koʻra nafaqat oʻzbek milliy kurashlari, balki boshqa millatlar kurash turlari ham yagona oila siyosatiga moslab rivojlantirilgan.
Agar manbalarga diqqat bilan eʼtibor berilsa, sobiq ittifoq davrida kurash haqidagi qarashlar bir xil boʻlganligini koʻrish mumkin. Shunisi ajablanarliki, oʻzbek kurashining ikki turi mavjud boʻlgan, degan fikr olgʻa surilgan. Yaʼni “Buxorocha kurash” va “Fargʻonacha kurash” turlari deb nomlangan. Oʻsha davrlarda nima sababdan bunday nomlanganligini izohlashga imkon berilmagan. Masalaga ilmiy tomondan yondashadigan boʻlsak, oʻzbeklarda qadimdan kurash turlari mutlaqo boshqacha boʻlgan. Bizga maʼlumki jahon fani, xususan tabobat ilmi taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan Abu Ali ibn Sino Oʻrta Osiyodan yetishib chiqqan vatandosh allomalarimizdan biri sifatida oʻzining “Tib qonunlari” kitobida oʻzbek milliy kurash turlari haqida aytib oʻtgan. Ibn Sino yashagan Oʻrta Osiyo shaharlari va Eronning bir qancha shaharlarida mavjud boʻlgan qadimiy milliy kurash turlariga eʼtibor beradigan boʻlsak, Ibn Sino nafaqat Oʻrta Osiyo kurashlarini, balki Eronning bir qancha kurash turlarini tahlil qilgan olim deyish mumkin.
Endi bel olish kurash tahliliga eʼtibor beramiz: Bel olish kurashi Oʻzbekistonda qadimdan mavjud boʻlganligi haqida bayon qilingan. Shundan kelib chiqib ilmiy tomondan yondashadigan boʻlsak, oʻzbeklarda qadimdan kurash turlari “Buxorocha kurash” yoki “Fargʻonacha kurash” deb nomlanmagan. Agar haqiqatdan ham “Buxorocha kurash” va “Fargʻonacha kurash” deb nomlangan boʻlsa, nima uchun Sobiq ittifoq davrida voha viloyatlarida bel olish kurash sport turidan tadbirlar oʻtkazilmagan. Oʻylab koʻrilsa yurtimizdan chiqqan buyuk alloma Ibn Sino bel olish kurash sport turini oʻz davrining tahlilidan kelib chiqib qoidalarini koʻrsatib oʻtgan boʻlsa, Sobiq ittifoq davrida esa faqatgina Fargʻona vodiysida bellashuv oʻtkazilib nomini “Fargʻonacha kurash” deb yuritilib kelindi.
Oʻzbekiston hududida, Xorazm va Qoʻqon xonligi hamda Buxoro amirligida yashagan oʻzbeklar orasida “Kurash” va “Olish” atamalari boʻlgan. Oʻsha davrda kurash turlarining nomlari har xil qoʻllanilgan. Qadimiy manbalarda oʻzbeklarning bir necha kurash turlari boʻlganligi aytib oʻtilsa-da ularning nomlanishi umumiy nom bilan “kurash” deb yuritilib kelindi. Kurashning barcha turlarining qisqa maʼnosi, bu –yiqitishdir. Olishning asl maʼnosi esa kuch ishlatishdir.
Sobiq ittifoq davrlarida ham oʻzbek kurashi turli soha olimlari, xususan, tarixchilar, arxeologlar tomonidan oʻrganilsa-da, kurash turlarini nomlashda xatoliklarga yoʻl qoʻyishgan. Buning sababi, birinchidan, oʻzga millat vakillari anʼanalarimizni, urf-odatlarimizni yaxshi tushunmaganligi boʻlsa, ikkinchidan, tariximizni mensimaslik, boshqa bir mafkurani xalqimiz ongiga singdirishdan iborat boʻlgan.
Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi. Oʻzbek kurash turlarining nomlanishi va qoidalari qanday boʻlgan? Unga javob topish uchun yuzlab taniqli keksa pahlavonlarning soʻzlarini tahlil qilishga toʻgʻri keladi. Ularning aytishicha, oʻzbeklarda qadimdan bir qancha kurash turlari boʻlib, ular kurash hadisiga, yaʼni kurash ilmiga asosan nomlangan.
Kurash hadisini yaxshi bilgan keksa ajdodlarimiz amallarning nomlanishini quyidagicha taʼriflaydilar:
–ikki raqib bir-birining belidagi belbogʻini qoʻyib yubormay, oyogʻidan chalmay, biron-bir amalga tayangan holda jismoniy kuch ishlatib uni koʻtarib tashlab, yelkasini yerga tekkizish “Bel olish kurash”;
–ikki raqib bir-birining belidagi belbogʻini qoʻyib yubormay, oyogʻidan chalib yoki chalmay biron-bir amalga tayangan holda jismoniy kuch ishlatib yelkasini yerga tekkizish “Bel olish kurash”;
–ikki raqib bir-birining belidagi belbogʻidan ushlab, faqat bir qoʻlni qoʻyib yuborib, bir qoʻl panjasi bilan belbogʻdan ushlab biron-bir amalga tayangan holda jismoniy kuch ishlatib yelkasini yerga tekkizishlarning barchasi “Bel olish kurashi” turlaridir.
“Ikki kurashuvchining har biri raqibini belbogʻidan ushlab oʻziga tortadi, shu bilan birga kurashuvchi oʻz raqibidan qutulishning chorasini koʻradi. Ikkinchisi uni qoʻyib yubormaslikka harakat qiladi” bu bel olish kurashining asosidir.
Belga zoʻriqish kamroq boʻlgan bir qancha yoʻnalishni oʻzida mujassamlashtirgan tur kurash deyiladi. Unda amallarni bajarishda beldagi belbogʻdan ushlamay tashlanish, shuningdek, beldagi belbogʻni bir qoʻl bilan yoki ikki qoʻl bilan ushlab chalib yoki chalmay hamda beldan quchoqlab jismoniy kuch ishlatib koʻtarib tashlash kabi bir qancha yoʻnalishlarni oʻzida mujassamlashtirgan turni oʻzbeklar kurash hadisiga asoslanib birgina ibora bilan “Kurash” deydilar.
Kezi kelgach shuni taʼkidlash joizki turkiy qavmlar ichida faqat oʻzbeklarda kurash hadisi kitobi boʻlganligi ahamiyatga molik. Maʼlumot oʻrnida 1959-yil Oʻzbekiston SSR Soveti huzuridagi jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi tomonidan sport jamoalariga yordam sifatida oʻzbek va rus tillarida “Kurash” deb nomlangan qoidalar kitobi nashr etilgan.
Ajdodlarimizning kurash hadisi tahlili boʻyicha bel olish kurashini aniq ravshan ifodalab berganligiga qarab, milliy-madaniy merosimizni qadimiy manbalardan qidirib topish, ularni saqlash, oʻrganish, muhofaza etish biz avlodlarning muqaddas burchimizdir.