Xonqa tumanidagi sport majmuasi zamonaviy koʻrinishga keltirilmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim va ahamiyatli tashabbus izchillik bilan hayotga tadbiq qilinmoqda. Buning samarasi, mamlakatimizda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga kengroq jalb etish, sport inshootlari quvvatini oshirish, undan unumli va maqsadli foydalanish yoʻlida islohotlar amalga oshirilayotir.

Joriy yilning mart oyida Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida bu borada vohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishgan edi. Oʻrganishlar yakuniga koʻra, mutasaddilarga kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar yuzasidan foydali maslahat va tavsiyalarini, mavjud sport inshootlarining infratuzilmasini yaxshilash, ayrimlarini mukammal taʼmirlash boʻyicha tegishli topshiriqlar bergandi.

Ayni damda, viloyatda vazir koʻrsatmasiga asosan ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, Xonqa tumanidagi BOʻSMning II-TIP loyiha asosida qad rostlagan sport majmuasini mukammal taʼmirlash ishlari qizgʻin pallaga kirgan. Oʻz navbatida “Xiva Jayhun qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyatining qoʻli gul ishchilari faollik koʻrsatib, sport majmuasini havas qilsa arzigulik darajaga yetkazishayotir.

Xorazm viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Artik Palvonov taʼmirlash ishlari bilan tanishish maqsadida u yerga tashrif buyurdi, majmuaning taʼmirlanayotgan xonalarini, stadion va sport zalini koʻzdan kechirdi. Oʻz navbatida masʼullar bilan uchrashib, oʻzining taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ishonchimiz komilki, mazkur sport majmuasi tez orada koʻzni quvnatadigan, maftunkor darajaga keltiriladi va yoshlarning yana sevimli maskaniga aylanadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati