RIOZMIning veloshasse boʻlimida mashugʻulotlar onlayn olib borilmoqda

Koronavirus pandemiyasi tufayli Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari hamda Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida joriy yilning 30-martidan boshlab barcha taʼlim jarayonlari masofadan – uydan turib amalga oshirilayapti.
Lekin bu sportchilar kundalik mashgʻulotlarni toʻxtatganini anglatmaydi. Turli yoshdagi terma jamoalarimizga nomzod sportchilarning barchasi karantin qoidalariga toʻliq rioya qilgan holda uy sharoitida mashgʻulotlar oʻtkazib borishmoqda.
Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatining veloshasse boʻlimi murabbiylari tomonidan ZOOM dasturi orqali onlayn konferensiya tarzida mashgʻulotlar oʻtkazilib kelinmoqda. Shu orqali yosh sportchilarini uy sharoitida sport bilan shugʻullanishiga sharoit yaratish hamda ularning sport formalarini saqlab qolinishiga erishilmoqda.
Ushbu dastur orqali barcha sport taʼlim muassasalari tomonidan barcha sport turlari boʻyicha onlayn darslarini toʻliq yoʻlga qoʻyilishi amalga oshirilgan.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati