#uydaqol! #hayotgaqoʻshil! #sportchallenge chellenji yakuniga yetdi, tanlovga 20 mingdan ortiq yurtdoshimiz qamrab olindi
6-aprel – Taraqqiyot va tinchlik yoʻlida Xalqaro sport kuni munosabati bilan tashkil etilgan #uydaqol #hayotgaqoʻshil #sportchallenge chellenjining ikkinchi fasli ham yakuniga yetdi.
Karantin davrida yurtdoshlarimiz orasida uy sharoitida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishni keng targʻib etish maqsadida oʻtkazilgan ushbu aksiya vatandoshlarimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Buni chellenjga yurtdoshlarimiz 10 mingdan ortiq videoroliklar yuborishganidan ham bilish qiyin emas.
Chellenj shartlariga koʻra, yurtdoshlarimiz uy sharoitida va oila aʼzolari davrasida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishni targʻib qilishlari kerak edi. Tanlovga kelib tushgan aksariyat videoroliklarda butun oila aʼzolari qatnashganligini inobatga olsak, chellenjga kamida 20 ming, balki undan ham koʻproq yurtdoshlarimiz qamrab olindi.
Bugun yakunlangan chellenjning ikkinchi fasl soʻnggi turiga ham mingga yaqin video kelib tushdi. Ular orasida Navoiy viloyati Nurota tumanida istiqomat qiluvchi Hayitovlar oilasi tomonidan yuborilgan videorolik koʻpchilikning hayratiga sabab boʻldi. Unda 86 yoshli buvi hamda ularning 68 yoshli oʻgʻli va 63 yoshli kelini farzandlari-yu nabiralari bilan birga jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanayotgani aks etgan.
Hakamlar hayʼati qaroriga koʻra bu safar quyidagi roliklar gʻoliblikka munosib koʻrildi:
1-oʻrin: Toshkent shahar Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi Ahmedbabayevlar oilasi;
2-oʻrin: Navoiy viloyati Nurota tumani “Mustaqillik” mahallasida yashovchi Hayitovlar oilasi;
3-oʻrin (ikkita): Toshkent viloyati Qibray tumanida istiqomat qiluvchi Normoʻminovlar hamda Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi Islomovlar oilasi.
#uydaqol #hayotgaqoʻshil #sportchallenge chellenji yakuniga yetgan boʻlsa-da, sport ixlosmandlari aslo zerikib qolishmaydi. Ertadan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan eʼlon qilingan yangi aksiya – shaxmat boʻyicha havaskorlar oʻrtasida birinchi onlayn Oʻzbekiston chempionatiga start beriladi.
Shunday ekan, sport bilan oʻyinda qoling!
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati