“Koʻngilli sportchilar” guruhi Sirdaryo viloyatidagi talofat koʻrgan hududlarni tiklash ishlarida faol qatnashmoqda

Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv ombori dambasida suv toshishi natijasida viloyatning Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlari aholisi evakuatsiya qilinib, ushbu tumanlarda favqulodda holat joriy etildi.
Mazkur hududlarda talofat koʻrgan aholi turar joylari va ijtimoiy soha obyektlarini tiklash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar faol davom ettirilmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Koʻngilli sportchilar” guruhi aʼzolari bugun 5ta guruhga boʻlingan holda joylarda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlarini yana-da jadal olib borishmoqda.
Jumladan, 1-guruhda 45 nafar koʻngilli Sardoba tumanidagi Yurtdosh mahallasida, 2-guruhda esa 40 nafar koʻngilli Qoʻrgʻontepa mahallasidagi ishlarga jalb etildi. Yana 50 nafar koʻngilli sportchi Oqoltin tumanining Shodlik hamda 45 nafar koʻngilli sportchi Mirzaobod tumanidagi “Haqiqat” mahallasida aholi turar joylari va ijtimoiy obyektlarni tiklash ishlariga koʻmaklashdi. 30 nafar koʻngilli esa Guliston shahrida joylashgan oziq-ovqat jamlash omboridagi ishlarga yordam berdi.
Umuman, bugun jami 210 kishidan iborat jismoniy tarbiya va sport sohasi vakillari suv oqizib ketishi natijasida jabr koʻrgan aholi uy-joylari, yoʻllar va ijtimoiy soha obyektlarini tiklash ishlariga hamda yurtimizning turli hudularidan keltirilgan insonparvarlik yordamlarini omborlarga joylashtirishga koʻmaklashmoqda.
Sirdaryo viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tashabbusi bilan xodimlarni ish faoliyati samaradorligini oshirish hamda vaqtlarini tejash maqsadida talofat koʻrgan 3ta hududda markazlashgan tushlik tashkil etildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati