Sardobadagi texnogen falokat oqibatlarini bartaraf etishda sportchilar ham jonbozlik koʻrsatishmoqda

Joriy yilning 1-may kuni Sardobada roʻy bergan texnogen falokat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha ishlar qizgʻin davom etmoqda.
Tabiiy ofat natijasida koʻplab xonadonlarni suv bosgan edi. Shu boisdan Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida Hukumat komissiyasi bilan birgalikda mahalliy aholi va respublikamizning turli mintaqalaridan kelgan koʻngillilar tun-u kun ish olib bormoqda.
Eʼtiborlisi, bu hududlarda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan 200 nafardan ortiq sportchi va trenerlardan tashkil topgan “Koʻngilli sportchilar” guruhi ham aholi turar joylari va ijtimoiy soha obyektlarini tiklash ustida mehnat qilishmoqda.
Sardoba suv omborida yuz bergan falokat ham jafokash xalqimizni bir maqsad yoʻlida birlashtirdi. Umid qilamizki, falokat ortidan kelgan talofatlar tez kunlarda bartaraf etilib, bu hududlarda yashovchi xalqimizning hayot tarzi yana oʻz iziga tushiriladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati