Sportchilar tomonidan Buxoro viloyatiga insonparvarlik yordamlari joʻnatilmoqda
Buxoro viloyatining Olot hamda Qorakoʻl tumanlarida kuchli shamol yetkazgan talofatlar oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasi ish olib borayotgan boʻlsa-da, koʻngilli yurtdoshlarimiz ham bir yoqadan bosh chiqarib, bu musibatlarga qarshi birlashmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi boshchiligida tizimdagi tashkilotlar, sportchilar va trenerlar tomonidan hududda zarar koʻrgan aholi uchun xayrli ishlarga qoʻl urilmoqda.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari tashabbusi bilan xodimlar, sportchilar va trenerlari tomonidan Buxoro viloyatiga saxovat karvonlari joʻnatildi.
Ushbu saxovat karvonlarida oziq-ovqat mahsulotlari, aholi uchun maishiy jihozlar, kiyim-kechaklar, yoshlar uchun oʻquv qurollari va sport jihozlari yetkazib berildi. Insonparvarlik yordamlari Buxoro viloyatida mutasaddilar tomonidan kutib olinib, jabrlangan aholi qatlamiga tarqatilmoqda.
Xabaringiz bor, shu kunlarda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida Buxoro viloyatida nafaqat mahalliy aholi, balki mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan koʻngillilar ham bir tanu bir jon boʻlib mehnat qilmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati