“Koʻngilli sportchilar” guruhi tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga koʻmaklashmoqda

Joriy yilning 27-aprel oqshomida qoʻshni Turkmaniston orqali yurtimizga kirib kelgan kuchli shamol Buxoro viloyati katta talofat koʻrgandi.

Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida Buxoro viloyatida nafaqat mahalliy aholi, balki mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan koʻngillilar ham bir tanu bir jon boʻlib mehnat qilmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan buxorolik 150 nafar sportchi va trenerlardan tashkil topgan “Koʻngilli sportchilar” guruhi ham tabiiy ofatdan eng koʻp jabr koʻrgan Buxoro viloyatining Olot hamda Qorakoʻl tumanlaridagi mahalliy aholining turar joylari, shuningdek jismoniy tarbiya va sport inshootlarini taʼmirlash ishlariga yaqindan koʻmaklashmoqda. Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari Nodir Murotov ham shu kunlarda Buxoro viloyatida boʻlib turibdi va mazkur jarayonning qanday borayotganini nazorat qilib bormoqda.

Bu jarayonda “Koʻngilli sportchilar” guruhi aʼzolari karantin qoidalariga qatʼiy amal qilib, yurtdoshlarimizning ogʻirini yengil qilishga oʻz hissalarini qoʻshmoqda.

“Koʻngilli sportchilar” guruhi tomonidan bu kabi ezgu ishlar tabiiy ofatlar oqibati toʻliq bartaraf etilguncha davom etadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati