Sardobadan Yangiyerga evakuatsiya qilingan aholi tongni badantarbiya mashgʻulotlari bilan boshladi

Xabaringiz bor, joriy yilning 1-may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilishi natijasida suv omboridan chiqqan suv oqimi aholi yashash punktlariga jiddiy zarar yetkazgan edi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan Sardoba suv ombori bilan yuz bergan baxtsiz hodisadan natijasida zarar koʻrgan hududlardan koʻchirilgan aholi salomatligi va ruhiy holatini mustahkamlash maqsadida ular oʻrtasida turli sport turlari boʻyicha qiziqarli musobaqalar tashkil etilmoqda.

Jumladan, Yangiyer shahridagi Sirdaryo viloyati bolalar-oʻsmirlar futbol akademiyasi joylashtirilgan 250 nafarga yaqin aholi bugun tongni uyushgan holda ertalabki badantarbiya mashgʻulotlari bilan boshladi.

Shuningdek, kun davomida aholi bilan bir nechta sport turlari boʻyicha musobaqalar tashkil etiladi. Musobaqalarda gʻolib va sovrindor boʻlganlar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati