Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari onlayn mashgʻulot oʻtkazdi

Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi, tajribali murabbiy Saida Mahmudova terma jamoamiz aʼzolariga onlayn mashgʻulot oʻtkazdi.
Mamlakatimizda har qanday sharoitda ham jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishning imkoni mavjudligi, ayni damda hukm surayotgan karantin davrida ham oʻz isbotini topmoqda. Yoshlarimizning sportga boʻlgan mehri, oʻz maqsadi yoʻlida barcha qiyinchiliklarni yengib oʻtishga tayyorligi sabab oʻz uylarida boʻlsalarda, murabbiylar tomonidan belgilab berilgan mashqlarni bajarmoqda.
Jumladan, kecha, 4-may kuni Saida Mahmudova boshchiligida oʻtgan stol tennisi boʻyicha mashgʻulotlar, tennischilarning jismoniy holatini yaxshilash va texnikalarini yana-da oshirishga katta hissa qoʻshdi. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qoʻmitasi tavsiyasi bilan onlayn tarzda oʻtgan mashqlarni stol tennisi federatsiyasi shifokori va ruhshunosi kuzatib bordi.
– Sportchilarning muvaffaqiyatga erishishlari uchun ruhan tetik boʻlishlari shart. Shu bois ham terma jamoamizning har bir mashgʻulotini muntazam kuzatib boraman va ularga kerakli tavsiyalarni beraman, – deydi Umid Sabitov. – Ayniqsa, bugungi kunda sportchilarimiz karantin holatida oʻz uylarida shugʻullanmoqdalar. Bu esa ularning ruhi holatlari bir maromda boʻlishi biroz qiyin boʻladi. Federatsiyamiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlar sabab, men har kuni ular bilan suhbatlashib, kerakli tavsiyalarni bermoqdaman.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati