Qashqadaryoda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olindi

Xotira va qadrlash – xalqimizning asriy qadriyatlari, ulugʻ fazilatlaridan biridir. El-yurtining tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar hamisha xalqimiz ardogʻidadir. Ana shunday mardlik va jasorat namunasini koʻrsatganlarga, jang maydonlarida jonini fido qilgan bobolarimiz, sabr-bardosh bilan katta qiyinchiliklarni yengib oʻtgan momolarimizni sharaflash, xotirasini abadiylashtirish, ularga gʻamxoʻrlik va eʼtibor koʻrsatish mustaqillik yillarida yangicha maʼno-mazmun bilan boyidi. Zotan bugun Oʻzbekiston inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati ulugʻlanadigan buyuk mustaqil davlatga aylandi.

Bu jihatdan yurtimizda keng nishonlanayotgan Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarda, ona diyorimiz xalqimizning ozodligi va istiqloli, erkin va farovon hayotini mardlik va shijoat bilan himoya qilgan fidoyi yurtdoshlarimizga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrlik, hurmat-ehtiromda yana-da yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Shu boisdan, 9-may – “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan, mazkur ulugʻ sana arafasida viloyat Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda Kasbi tuman hokimligi hamkorligida tumanda istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olindi va ularga turli hil oziq-ovqat mahsulotlari ulashildi.

Jumladan, “Maymanoq” MFY da yashovchi urushning qiyin kunlarini boshidan oʻtkazgan 98 yoshli Joʻrayev Mirzo boboning, shuningdek, Mugʻlon qishlogʻida yashovchi, urushda oʻzining matonati va jasorati bilan munosib qatnashib, hozirgi kunda 96 yoshni qoralagan Shermatov Xayrullo bobolarning hollaridan xabar olinib, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatildi.

Shu bilan birga, tumandagi Denov qishlogʻining eng yoshi ulugʻ insonlaridan biri boʻlgan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Nazarov Erka bobo va Xoʻjakasbi qishlogʻining mardlik va jasorat namunasi timsoli boʻlgan Azizov Iso bobolarning ham hollaridan xabar olindi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati