Qip-qizil pomidor, yashil olma, sariq sabzi yoxud meva-sabzavotlar rangi ham tanamizga ta’sir qiladi
Biz iste’mol qiladigan mahsulotlar nafaqat tarkibi bilan, balki rangi bilan ham tanamizga ta’sir qiladi. Bunga rangning nima aloqasi bor, deysizmi? Quyida javob beramiz...
Qizil rang
Dunyo olimlari qizil rangdagi meva-sabzavotlar nafaqat kishi ko‘zini quvontirib, kayfiyat ko‘tarilishiga, balki juda ko‘p foydali moddalarga boy ekanligini aniqlashgan. Xususan, qip-qizil olcha tarkibida aspirin dori vositasidek ta’sir ko‘rsatuvchi modda mavjud bo‘lib, tumovni yengillashtirish, og‘riqni qoldirish hamda immunitetni mustahkamlash xususiyatiga ega. Qulupnay va malina tarkibidagi antioksidant moddalar miya faoliyatini yoshga bog‘liq salbiy o‘zgarishlardan himoyalab, xotirani mustahkamlaydi. Klyukva mevasidan tayyorlangan damlamalar, sharbatlar kishini gastrit va sistitni qo‘zg‘ovchi bakteriyalardan saqlaydi. Qolaversa, tish emalini yemirilishlardan himoyalaydi.
Qizil pomidor ham naq shifoning o‘zginasi. Uning tarkibidagi likopen moddasi organizmni o‘sma kasalliklaridan himoyalaydi. Ichi qizil tarvuzlar esa C, A va kaliy kabi foydali vitaminlarga boyligi sabab, organizmni zaharli toksinlardan tozalaydi.
Qaysi holatda iste’mol qilgan ma’qul?
✓ Mazkur rangdagi meva-sabzavotlarni tabiiy holda yeyishga harakat qiling. Biroq qish mavsumida ularni muzlatib yoki murabbolar shaklida iste’mol qilish ham foydalidir.
✓ Ta’mi shirin bo‘lgan meva-sabzavotlarga ko‘p ham berilmang. Biroz taxirroq yoki nim shirin ta’mga ega bo‘lganlari organizmga foydaliroq hisoblanadi.
Yashil rang
Yashil rang olma tarkibi boshqa rangdagi olmalarga qaraganda C vitamini va temir moddasiga boy hisoblanadi. Yashil petrushka, kashnich kabi ko‘katlar, brokkoli ham mazkur vitaminlar konidir.
Qanday iste’mol qilish kerak?
✓ Mazkur rangdagi mahsulotlarni ham tabiiy holda iste’mol qiling. Muzlatkichda saqlangan sabzavotlarning foydali xususiyatlari yo‘qolishi mumkin.
✓ Meva-sabzavotlarni po‘lat yoki temirdan yasalgan pichoqlarda kesmaslikka harakat qiling. Ular o‘rniga keramikadan yasalganlarini ishlatganingiz ma’qul.
Sariq va sabzi rang
Tuxum sarig‘i, sabzi, oshqovoqni ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring-chi. Ular rangi nafaqat ko‘zingizni quvontiradi, balki organizmni zaruriy darmon-dorilar bilan boyitadi. Ular tarkibidagi kerotin moddasi A vitaminining o‘zlashtirilishiga yordam beradi. Bu moddasiz organizm A vitaminini yaxshi qabul qila olmaydi. Qolaversa, mazkur modda qon-tomir devorlarini mustahkamlashga ham yordam beradi.
Dunyo olimlarining o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, qonda beta-karotin moddasining ko‘p bo‘lishi, organizmning onkologik kasalliklarga chalinish xavfini kamaytirar ekan. Shunday ekan, ayni yoz-kuz mavsumida mazkur rangdagi mahsulotlardan ko‘proq bahra oling.
Qanday iste’mol qilgan ma’qul?
✓ Sabzavotlarni bug‘da pishirib yeganingiz foydalidir. Ular ishtirokida salat yoki ovqat tayyorlasangiz ularni o‘simlik yog‘iga aralashtirgan ma’qul. Negaki, A vitamini yog‘ moddasida yaxshi erish xususiyatiga ega.
✓ Mazkur rangdagi mevalar ishtirokida tayyorlangan pishiriqlarni gaz pechida pishirishingiz mumkin. Salatlarni esa qaymoq yoki yogurt bilan aralashtirib iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Ko‘k va binafsha rang
Baqlajon, uzum, anjir va chernika kabi to‘q ko‘k rang yoki binafsharang mahsulotlar kishini tushkun kayfiyatga tushishdan saqlaydi. Qolaversa, uyquni ham yaxshilab, teri qoplamini dermatit kabi kasalliklardan himoya qiladi. Doimo ko‘tarinki kayfiyatda yurishni istasangiz, mazkur rangdagi meva-sabzavotlardan ko‘proq iste’mol qiling.
Qanday iste’mol qilgan ma’qul?
Bunday meva-sabzavotlarni iloji boricha po‘stini archimay, danaklarini ham olib tashlamay yegan ma’qul.