Evakuatsiya qilingan sardobaliklarning boʻsh vaqtlari mazmunli tashkil etilmoqda

Xabaringiz bor, kecha Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan Sardoba fojeasidan jabr koʻrgan mahalliy aholi uchun insonparvarlik yordami joʻnatilgan edi. “Saxovat karvoni” Guliston shahrida vazirlikning mutasaddi xodimlari tomonidan kutib olindi va faollar bilan birgalikda sardobaliklarga tarqatildi.
Bugundan eʼtiboran, vazirlik xodimlari tashabbusi bilan Sardobadan evakuatsiya qilingan aholining ruhiyatini koʻtarish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishni tashkil etish maqsadida bir nechta sport turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazilmoqda.
Jumladan, aholi va bolalar oʻrtasida stol tennisi, shaxmat va shashka boʻyicha oʻziga xos turnir tashkillashtirildi. Turnir davomida xalqaro grossmeyster Alisher Ortiqov yoshlarga mahorat darsi oʻtib bermoqda.
Shuningdek, maktab oʻquvchilari guruhlarga boʻlingan holda “Quvnoq startlar” musobaqasida ham ishtirok etishmoqda. Bundan tashqari havaskorlar oʻrtasida Guliston olimpiya zaxiralari maktab-internati trenerlari taekvondo boʻyicha mashgʻulotlar olib bormoqda.
Bugun kun davomida yosh rassomlar oʻrtasida sport mavzusida rasmlar tanlovi ham eʼlon qilingan. Bu tanlovda ishtirok etish uchun 30 ga yaqin oʻgʻil-qizlar rasmlar chizishni boshlab yuborishdi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati