Dilmurod Nabiyev: “Birgalikda bu falokat oqibatlarini bartaraf etamiz“

Xabaringiz bor, joriy yil 1-may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilishi natijasida suv omboridan chiqqan suv oqimi aholi yashash punktlariga jiddiy zarar yetkazdi.

Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida, suv ombori atrofidagi hududlar aholisi xavfsiz joyga evakuatsiya qilinib, boshpana va oziq-ovqat bilan taʼminlandi.

Bugun, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev Sardobadagi fojia natijasida uy-joyidan ayrilib, Guliston ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatiga joylashtirilgan 700 nafarga yaqin fuqaroning holidan xabar oldi va sardobaliklarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

– Bu falokat birgina sizlarning boshingizga kelgan musibat emas. Bugun butun xalqimiz siz bilan birga. Hammamiz birlashib, bu baxtsiz hodisa oqibatlarini tezroq bartaraf etishga harakat qilamiz. Aslo tushkunlikka tushmang, tez kunlarda yana odatiy hayot tarziga qaytasizlar. Bu yerda siz va farzandlaringiz uchun barcha sharoitlar yaratib beriladi, – deb aytib oʻtdi Jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev Guliston IOZMIga joylashtirilgan aholi bilan muloqot chogʻida.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tabiiy ofatdan aziyat chekkan Sardoba tumani aholisiga 18 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, 12 turdagi jami 1500 dan ortiq sport jihozlari, 5 xildagi issiq kiyim-kechak, gigiyenik vositalar hamda bolalar uchun badiiy kitoblar jamlanmalari va maktab-oʻquv qurollari taqdim etildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati