“Kurash hadisi” yoki “kurash ilmi” tushunchasi haqida nimalarni bilasiz?

Birinchi maqola

Аvvalo, “kurash hadisi” toʼgʼrisida soʼz ketganda, uni toʼliq anglamoq lozim. Oʼzbek tili izohli lugʼatining ikkinchi tomida shunday yozilgan: «Hadis — Muhammad sallallohu alayhi vasallam(paygʼambar)dan qolgan gap-soʼz hamda paygʼambar haqidagi rivoyatlar va hikoyalar». Nima sababdan aynan «kurash hadisi» atamasining ishlatilishi va uni teranroq tushunmoq uchun bir qancha diniy ulamolar va olimlarning asarlariga murojaat qilishimizga toʼgʼri keldi. Ularning taʼkidlashicha, «hadis» haqiqatan ham paygʼambarimiz Muhammad (s.a.v)dan qolgan gap-soʼzlar hamda paygʼambar (s.a.v.) haqidagi rivoyatlar, hikoyalardir.

Kurash hadisi haqida soʼz ketganda, uni «kurash ilmi» deb qaragan maʼqul. Shuningdek, uni har doim «kurash ilmi» atamasi bilan yozish, aytish, tushuntirish har tomonlama maqsadga muvofiq. Chunki, u har doim ilmiy nuqtai nazardan oʼzgarib, toʼldirilib borilishi mumkin.

«Kurash ilmi»ga doir kitoblar turkiy mamlakatlar, ayniqsa Oʼzbekistonda bir necha asrlar mobaynida mavjud boʼlgan. Dastavval u arab imlosida yozilib, bizgacha toʼla kitob holida yetib kelmagan. Tadqiqotlar tufayli kurash ilmi haqida nuroniy pahlavonlarning hikoyalariga asoslanib bir qancha maʼlumot yigʼishimizga toʼgʼri keldi.

Ularning aytishicha, zoʼriqish belga borib taqaladigan, bir qancha yoʼnalishlarni oʼzida mujassam qilgan, amallarga tayanib raqibning yelkasini yerga tekkizish – kurash deyiladi.

Kurash qoidasiga esa shunday izoh beradilar: «Ushbu qoidada oldindan belbogʼ ushlashmay tashlanish, raqib belbogʼidan bir qoʼl bilan ushlab yoki ikki qoʼl bilan ushlab, uni chalib va chalmay amal bajarish hamda beldan quchoqlab, jismoniy kuch ishlatib, koʼtarib tashlash – bu kurash».

Аna shu maqsadga erishish uchun har qanday raqibga jismoniy kuch ishlatish paytidagi harakat – bu olishdir, deb taʼkidlaydi.

Shuningdek, zoʼriqish belga taqalgan kurashlarning barchasini bel olish kurash deb aytishadi va unga quyidagicha izoh berishadi:

a) amalni bajarish bel orqali boʼlib, belbogʼni ikki qoʼl bilan ushlab, qoʼlni qoʼyib yubormay chalib yoki chalmay amallar qoʼllash – bu bel olish kurashi;

b) amalni bajarish bel orqali boʼlib, belbogʼni ikki qoʼl bilan ushlab, qoʼlni qoʼyib yubormay koʼtarib chalmay amallarini qoʼllash – bu bel olish kurashi;

v) amal bajarish bel orqali boʼlib, belbogʼni ikki qoʼl bilan ushlab, soʼng bir qoʼlni qoʼyib yuborib bir qoʼl panja bilan belbogʼ ushlab chalib yoki chalmay amallarni qoʼllash – bu bel olish kurashi deyiladi.

Biz taʼkidlayotgan kurash ilmi kitobida umuman kurash xaqida soʼz borib, uning har bir turiga alohida toʼxtalib oʼtiladi. Quyida ushbu qoʼllanmadagi bel olish kurash haqida soʼz yuritamiz, unda axloq, odob, tarbiya, badanni chiniqtirish, pahlavonlarning oʼzini qanday tutishi, kuchsizlarga koʼmak berish hamda bel olish kurashidagi amallar va unga doir bir qancha ilmiy qarashlarni bayon qilamiz.

Keksa pahlavonlarimiz esa ozmi-koʼpmi ularga amal qilishgan. Bel olish kurash davralarida pahlavonlar odob saqlab jim oʼtirishgan, sayil davralarida ularni oʼrtaga bel olishga taklif qilishmaguncha, oʼzlari birov bilan kurashaman, deb oʼrtaga chiqmagan. Pahlavonlar odob yuzasidan hech qachon koʼpchilik oldida yalangʼoch badanini koʼrsatmagan.

Bel olish kurashida polvon gʼalaba qozonganidan keyin navbatda turgan pahlavonlar bilan birin-ketin, to magʼlubiyatga uchramaguncha bel olishgan. Basharti u bel olishni ixtiyor etmasa, uning raqibi bel olishni davom ettirgan, shu saylda boshqa pahlavonlar bilan yana uchrashish huquqidan mahrum etilgan.

Аgarda bir tarafdagi pahlavonlarning hammasini magʼlub etsa, unga bir nechta tomondan talab tushsa, kim bilan bel olishishni oʼzi hal qilgan. Lekin magʼlubiyatga uchradi, deb ovoza qilinmagan. Pahlavonlar yiqitgan raqibining oʼrnidan turib olishiga koʼmak berishgan. Pahlavonlar bel olish kurashi amallarini puxta egallashlari uchun shogirdlikka tushib, tarbiya koʼrgan. Pahlavonlarga bel olish kurashi amallarini oʼrgatishdan tashqari, ularni jismoniy mashqlar, ahloq-odob va boshqa bir qancha yoʼnalishlar boʼyicha tarbiyalashgan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

https://minsport.uz/post/view/3184