Tugʻilgan kun muborak!

Zafar Usanov 1977-yilning 1-may sanasida Samarqand viloyati Bulungʻur tumanida tavallud topgan. Maktabni tugatgach, 1995-1999-yillarda Samarqand qishloq xoʻjaligi institutining bakalavriat, 1999-2001-yillarda esa Toshkent davlat agrar universitetining magistratura yoʻnalishlarida tahsil olgan.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” kompaniyasida qishloq xoʻjaligi boshqarmasi yetakchi mutaxassisi lavozimida boshlagan.
Keyinchalik Toshkent shahar xalq taʼlimi Bosh boshqarmasi moliya-rejalashtirish boʻlimi boshligʻi, Xalq taʼlimi vazirligi istiqbolni belgilash, moliyalashtirish, buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi bosh iqtisodchisi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi Iqtisodiy tahlil va moliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi iqtisodiyot va buxgalteriya hisobi boshqarmasi boshligʻi lavozimlarida ishlagan.
2016-2019-yillarda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining moliya-iqtisod ishlari boʻyicha prorektori, 2019-yildan hozirga qadar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Moliya va investitsiyalar boshqarmasi boshligʻi sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jamoasi Zafar Usanovni bugungi tavallud ayyomi bilan samimiy muborakbod etgan holda oilaviy baxt va kelgusi faoliyatida hamisha omad yor boʻlishini tilab qoladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati