Oʻzbekistonda yangi sport tashkiloti – Fransuz boksi Savat Assotsiatsiyasi tashkil etildi

Oʻzbekistonda yangi sport tashkiloti – Fransuz boksi Savat Assotsiatsiyasi tashkil etildi

 

Yurtimiz aholisi orasida sogʻlom turmush tarzi targʻiboti, ommaviy sport hamisha diqqat markazda boʻlgan, shaxsan davlatimiz rahbarining doimiy kuzatuvi va koʻmagida rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, bugungi karantin davrida sportning ahamiyati yana-da oshdi, yurtdoshlarimiz salomatlikning naqadar ulugʻ neʼmat ekanligini yana bir karra anglab yetishdi.

Oʻzbekistonda turli sport turlari boʻyicha federatsiya va assotsiatsiyalar faoliyat koʻrsatib kelmoqda va ularning soni muntazam ravishda ortib bormoqda. Yangi tashkil etilgan fransuz boksi Savat Assotsiatsiyasi ham tez orada oʻz muxlislarini topib olishiga shubha yoʻq.

Yaqinda Oʻzbekiston fransuz boksi Savat Assotsiatsiyasi Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtdi va maxsus guvohnomaga ega boʻldi. Shuningdek, assotsiatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazildi. Yangi assotsiatsiyaning prezidenti etib “Turonbank” ATB raisi Mirzayev Chori Sadibakosovich, Bosh kotib lavozimiga Xodjayev Shuhrat Arifdjanovich saylanishdi.

Foto: Oʻzbekiston fransuz boksi Savat Assotsiatsiyasi prezidenti Chori Mirzayev 

Assotsiatsiyaning ochilish marosimida yangi sport tashkilotining prezidenti Chori Mirzayev soʻzga chiqdi va faoliyatining yangi qirrasi haqida shunday dedi:

“Fransuz boksi Savat chuqur ildizlarga ega boʻlib, 300-yildan koʻproq tarixga ega sport turi hisoblanadi. Fransuz boksi Savat 1924-yil Parij shahrida boʻlib oʻtgan yozgi Olimpiada oʻyinlarida rasmiy sport turlaridan biri boʻlgan va Fransiya davlati milliy merosi hisoblanadi. Sportning yangi-yangi qirralarini ochishga havasmandlar yurti boʻlgan Oʻzbekistonda ham mazkur tarixiy sport turini rivojlantirish maqsadida ushbu sport turi havaskorlari tashabbusi bilan Oʻzbekiston fransuz boksi “Savat” assotsiatsiyasi tashkil etildi. Bizning asosiy maqsadimiz yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, ularni ommaviy sportga jalb etish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirish va sport orqali millatlar oʻrtasida doʻstona munosabatlarni yana-da rivojlantirishdir”.

Foto: Oʻzbekiston fransuz boksi Savat Assotsiatsiyasi Bosh kotibi Shuhrat Xodjayev

Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston fransuz boksi “Savat” assotsiatsiyasining tashkil etilishi, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish va asosiysi, yuksak madaniyatga ega boʻlgan har tomonlama yetuk hamda jismonan sogʻlom insonlarni shakllantirishda oʻzining munosib hissasini qoʻshishi shubhasiz. Zero, sogʻlom jamiyat – eng buyuk ishlarga qodir boʻladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati