Tomu Tori oʻzbekistondagi faoliyati haqida: Bizning bosh maqsadimiz — yutish emas, yutqazmaslik!
Oʻzbekiston va Yaponiya davlatlari oʻrtasidagi doʻstona aloqalar sport sohasida ham davom etmoqda.
Jumladan, dzyudo vatani Yaponiyadan kelgan tajribali mutaxassis, dunyoga mashhur Kodokan maktabi tarbiyalanuvchisi, xalqaro yoʻriqchi (instruktor) Tomu Tori ham ana hamkorlik doirasida qariyb yarim yildan beri yurtimizda faoliyat yuritmoqda. Kunchiqar yurt murabbiyi faoliyati davomida orttirgan tajribasini barcha yosh toifasidagi terma jamoalarimiz aʼzolariga ulashmoqda.
– Tomu, Oʻzbekistonga kelishingizdan oldin yurtimiz dzyudosi haqida fikringiz qanday edi?
– Oʻzbekistonga ilk bor 2002-yili kelgandim. Oʻshanda sportchi edim. Hozir esa murabbiy sifatida yurtingizda boʻlib turibman. Taassurotlar juda ham yuqori. Oraliqdagi 18 yil ichida mamlakatingiz barcha sohalarda juda katta oʻsishga erishgan. Bu nafaqat mening, balki Oʻzbekistonga kelayotgan boshqa xorijliklarning ham fikri. Endi bevosita savolingizga kelsak, Oʻzbekiston dzyudosi barcha davrlarda qitʼa va jahonda oʻz oʻrniga ega boʻlgan. Dunyoda ham oʻzbekistonlik dzyudochilarga alohida hurmat bilan qarashadi. Olimpiada va jahon chempionatlarida dzyudochilaringiz medallar uchun daʼvogarlar qatorida eʼtirof etiladi.
– Siz dunyoga mashhur Kodokan maktabida dzyudo sir-asrorlarini oʻrgangansiz. Shaxsan oʻzingiz Oʻzbekistonga qaysi dzyudo maktabi uslubini olib kirmoqchisiz?
– Bu yerga Yangi yil arafasida kelganman. Shundan soʻng terma jamoamiz koʻplab xorij yigʻinlari, Gran-Pri va “Katta Dubulgʻa“ turnirlarida ishtirok etdi. Tabiiyki, musobaqa va yigʻinlardan tashqari vaqt juda kam boʻldi. Hozirgacha ikkitagina viloyatda boʻldim. Oxirgisi Sirdaryo viloyatida oʻtkazilgan oʻsmirlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionatini bevosita kuzatganim edi. Shundan kelib chiqib aytadigan boʻlsam, menda yurtingiz dzyudosini ichkaridan turib koʻrish va tahlil qilish uchun toʻliq imkoniyat boʻlmadi. Ochigʻi, asosiy urgʻu Olimpiadaga qaratilgani bois bolalar dzyudosiga eʼtibor qarata olmadim. Endi fursati kelganda, karantinga tushib qoldik. Men bu yerga Oʻzbekiston dzyudosi rivojiga yordam berish uchun kelganman. Oʻylaymanki, bu missiyani sharaf bilan uddalayman. Siz aytgandek, Kodokan maktabida olgan bilimlarim, sportchilik faoliyatim davomida orttirgan tajribalarimni mahalliy yoshlarga ulashaman.
– Yurtimiz dzyudochilardan kimlarni alohida eʼtirof etgan boʻlardingiz. Umuman, Oʻzbekiston dzyudosi kelajagini qanday koʻryapsiz?
– Oʻzbekiston terma jamoasining har bir aʼzosini kuchli deb hisoblayman. Alohida bir dzyudochini aytmagan boʻlardim. Bugungi kunda Olimpiada reytingiga qaraydigan boʻlsak, yigitlarimizning bari Tokioga borish reyting pogʻonalarida turishibdi. Toʻgʻri, koronavirus pandemiyasi sabab Olimpiada keyingi yilga qoldirildi. Tabiiyki, musobaqalar ham koʻchirildi. Karantin butun dunyo dzyudochilarining bugungi holatiga taʼsir oʻtkazmasdan qolmaydi. Eng muhimi, Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritish va dzyudo vatanida shoxsupaga koʻtarilish kerak. Shunda biz murabbiylarning ishi koʻzga koʻrinadi. Oʻz oʻrnida biz vazifamizni bajargan boʻlamiz. Oʻzbekistonlik dzyudochi mening Vatanimda shoxsupaga koʻtarilsa, ikki xissa xursand boʻlaman. Bizning bosh maqsadimiz — yutish emas, yutqazmaslik! Tabiiyki, yutqazmagan sportchi chempionlik sari dadil odimlaydi. Biz terma jamoa dzyudochilarini yutqazmaslikka oʻrgatyapmiz.
Manba: https://t.me/judouz
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati
https://minsport.uz/post/view/3163