Oʻzbek tili – davlat ramziga aylandi
Oʻzbek tili – davlat ramziga aylandi
Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 23-martda qabul qilingan, Senat tomonidan 2020-yil 24-martda maʼqullangan Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 10-apreldagi OʻRQ–615-son “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.
Vazirlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari, shuningdek, vazirlik tizimidagi barcha tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlar, sportchilar Oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi va har yili 21-oktyabrning mamlakatimizda til bayrami sifatida keng nishonlanishi ona tilimizga boʻlgan cheksiz hurmat, maʼnaviyatimizga, millatimizga boʻlgan yuksak eʼtibor namunasi ekanligini chuqur tushunib yetmogʻi darkor. Mohiyatiga eʼtibor qaratilsa, mazkur sana faqat bayram sifatida nishonlanishidan tashqari oʻzbek tili mustaqil davlatimizning bayrogʻi, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.
Oʻzbek tili – borasidagi huquqiy hujjatlarni oʻrganamiz
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-mart kuni oʻtkazilgan videoselektor majlisi (01-30/1-3425 11.03.2020 y) bayonida geografik obyektlarning nomlarini, shuningdek, jamoat joylari, koʻchalar, binolar peshtoqidagi turli lavha va reklamalarni qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirish masalalari muhokama etilgan hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilangan.
Shu munosabat bilan vazirlik tizimidagi barcha tashkilot va muassasalarda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”, “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida” va “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunlarining ijrosi, xususan, tashkilot va muassasalarning nomlanishi, hududida joylashgan peshlavhalar, reklama va eʼlonlarning davlat tilida ifodalanganligi boʻyicha joylardagi rahbarlarning masʼuliyati yana-da oshirilmoqda.
Zokir Rasulov
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri maslahatchisi