Yangi yilgacha mamlakatimizdagi barcha trenerlar oʻz faoliyatini muammosiz davom ettiradi
Joriy yil 18-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida yurtimizga koronavirus pandemiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining yigʻilishi oʻtkazildi.
Unda mamlakatimizda trenerlik faoliyatini olib borayotgan mutaxassislarning ruxsatnomalarini amal qilish muddatini 2020-yilning 31-dekabriga qadar uzaytirish boʻyicha qaror qabul qilindi.
Ushbu yigʻilish bayonnomasining 24-bandida:
“Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (Nabiyev)ning trenerlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun ruxsatnoma muddati tugagan trenerlarning ruxsatnoma muddatini joriy yilning 31-dekabriga qadar uzaytirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin”, deb yozilgan.
Maʼlumki, mamlakatimizda sport trenerlari maxsus ruxsatnomalar orqali trenerlik faoliyatini olib borishadi. Ammo, karantin tufayli shu kunlarda ruxsatnomasining amal qilish muddati oʻz yakuniga yetib borayotgan trenerlarda ularning oʻz faoliyatlarini davom ettirish boʻyicha muammolar yuzaga kelayotgandi. Endilikda trenerlarimiz joriy yil yakuniga qadar hech qanday muammosiz oʻz ish faoliyatlarini davom ettirgan holda yosh sportchilarga tahsil berishlari mumkin.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati