Sahro bagʻridan chiqayotgan chempionlar

Sahro bagʻridan chiqayotgan chempionlar

 

Yurtimizda olimpiya oilasiga mansub dyuzdo sport turi bilan shugʻullanayotgan yoshlar soni tobora ortib boryapti.

Jumladan, Navoiy viloyatida ham dzyudoga qaratilayotgan eʼtibor natijasida ushbu yakkakurash turiga mehr qoʻyayotgan yoshlar safi kengayib bormoqda. Viloyatning birgina butun sobiq Ittifoqda mashhur boʻlgan Uchquduq shahri misolida olsak, mittigina “oltin hudud”dan turli yosh toifasidagi mamlakat chempionlari, xalqaro musobaqa gʻolib va sovrindorlari yetishib chiqqaniga guvoh boʻlamiz.

Mahalliy yoshlarga oliy toifali murabbiyi, “Shuhrat” medali sohibi Alisher Shodmonov dzyudo sir-asrorlarini oʻrgatib kelmoqda. Alisher akaning shogirdlaridan uch nafari - Iroda Jumanova, Dilnoza Kamolova va Mahliyo Mannonova Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga loyiq koʻrilishgan.

“Navoiy togʻ metallurgiya kombinatiga qarashli ”Lochin" sogʻlomlashtirish sport majmuasida yoshlarga dzyudo sir-asrorlarini oʻrgatib kelyapmiz. Bizda sportga eʼtibor yuqorida darajada. Bosh homiyimiz Navoiy togʻ metallurgiya kombinati viloyat chempionti, Respublika miqyosidagi turnirlar, Oʻzbekiston chempionati va kubogi, shuningdek, yurtimizdan tashqarida oʻtkaziladigan musobaqalar, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlariga pul ajratadi. Men sanab oʻtgan musoboqalarga oʻz hisobimizdan borish mumkin emas. Sharoitimiz havas qilgudek darajada. Biz shugʻullanadigan sport maskani Navoiy shahridan 320 kilometr uzoqlikda, olis choʻl hududida joylashgan. Bu yerda dzyudo bilan ikki yuzga yaqin yoshlar shugʻullanadi. Ulardan 30 nafarini qizlar tashkil etadi.

Choʻl hududi boʻlishiga qaramay, bizdan koʻplab Oʻzbekiston chempionlari, Osiyo chempionati hamda Kubogi gʻolib va sovrindorlari yetishib chiqqan va bugungi kunda ham davom etmoqda. Qizlarimizdan uch nafari Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga loyiq koʻrilgan. Uchchalasi ham uchkuduqlik qizlar. Iroda Jumanova hozirda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat Pedagogika universitetida, Dilnoza Kamolova Ichki ishlar vazirligi akademiyasida, Mahliyo Mannonova esa Jismoniy tarbiya institutida tahsil olyapti va parallel ravishda Milliy Gvardiyada ishlayapti. Shogirdlarimizdan Sardor Toshimov, Sabrina Qoʻldosheva, Umida Normurodova, Marjona Tursunova, opa-singil Gulasal va Gulina Obloqulovalar yoshlar hamda kattalar oʻrtasida Oʻzbekiston chempioni va sovrindori boʻlishgan. Asosiy maqsadimiz - jamiyatimizga har tomonlama sogʻlom, komil insonlarni tayyorlash, terma jamoalarga munosib nomzodlarni yetkazib berishdan iborat", - deydi Alisher Shodmonov.

Ishonchimiz komil, yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalangan holda uchquduqlik yoshlar xalqaro musobaqalarda ham oʻz soʻzlarini aytishadi.