Oʻzbekistonda tugʻilib, “Paxtakor” afsonasiga aylangan grek – Vasilis Xadzipanagis

Oʻzbekistonda tugʻilib, “Paxtakor” afsonasiga aylangan grek – Vasilis Xadzipanagis

 

“Paxtakor” futbol klubi tarixida muhim oʻrin tutgan futbolchilardan biri Vasilis Xadzipanagis boʻlib, u 2003-yil UYEFAning 50 yilligiga bagʻishlangan mukofotga ega chiqqan.

Vasilis XADZIPANAGIS

Gretsiyaning yigirmanchi asr ikkinchi yarmidagi eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Vasilis Xadzipanagis ayni paytda Gretsiyada istiqomat qiladi.

Vasilis 1954-yil 26-oktyabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. Uning ota-onasi gretsiyalik siyosiy immigrantlar boʻlib, 1949-yilda Toshkentga koʻchib kelishgan. U futbol borasidagi ilk saboqlarini “Dinamo” futbol maktabida olgan. Oʻsha paytda bu jamoa tarkibida mahoratli futbolchilar jamlangandi. 1972-yilda esa u “Paxtakor”ga koʻchib oʻtgan va 17 yoshidayoq jamoaning asosiy tarkibidan oʻrin egallagan. Yaxshi oʻyin namoyish qilgani sababli unga “Xoʻja” laqabini berishgan. 1972-yil birinchi ligada 19 uchrashuvda 4 toʻp kiritgan Xadzipanagis oliy ligadagi debyutini Doneskning “Shaxtyor” klubiga qarshi oʻtkazib, birinchi golini nishonlagan. Oʻsha bahsda “Paxtakor” 4:2 hisobida gʻalaba qozongan. Toshkentda 1975-yilgi mavsum oxirigacha oʻynagan Lakis keyinchalik Gretsiyaga koʻchib ketadi. Shu tufayli u terma jamoalar miqyosida yaxshi natijalarga erisha olmadi. Chunki Xadzipanagis SSSR terma jamoasi uchun Konstantin Beskov murabbiyligi davrida Polshada oʻtkazilgan turnirda mezbonlar termasiga qarshi maydonga tushgan. Keyin Gretsiyaga koʻchib oʻtgach, oʻrtoqlik uchrashuvida aynan polyaklarga qarshi maydonga chiqib kelgan. Uni tanib qolishib, bu haqida FIFAga arz qilishgan. Natijada FIFA Xadzipanagisga Gretsiya terma jamoasi uchun oʻynashni maʼn qilgan. Oʻsha paytda FIFA ikki terma jamoa safida oʻynashga umuman ruxsat bermagan. Qolaversa, Monreal Olimpiadasining saralash bosqichida toʻrt uchrashuvda ishtirok etgan Lakis Gretsiyaga koʻchib ketgani sababli final bosqichiga bora olmagan. Oʻshanda olimpiyachilar bronza medalllarini qoʻlga kiritishgan. Gretsiyaga qayta koʻchib borayotgan immigrantlar oilasi aʼzosi sifatida roʻyxatdan oʻtgani sababli qadrdonlari yashaydigan Saloniki shahrining “Iraklis” jamoasida oʻynay boshlagan. U vaqtda Gretsiyada futbolchilar klublar bilan 10 yillik shartnomalarga imzo chekishardi. Shu sababli Vasilis bu narsani bekor qilishni soʻrab, sudga murojaat qilgan va “Bosman ishi” yuzaga kelishi asoschilaridan biri ham boʻlgan. Afsuski, keyin “Iraklis” apellyatsiya natijasida bu ishda yutib chiqqan. Qolaversa, Saloniki jamoasi rahbariyati Xadzipanagisni boshqa klublarga sotishga ham rozi boʻlmagan. Chunki moliyaviy muammolar aynan Lakis tufayli yechim topgandi. Oʻshanda uy uchrashuvlariga keladigan ishqibozlar soni 2-3 mingdan tezlik bilan 15 mingga koʻtarilgan. 1976-yil “Shtutgart”, “Kosmos” va “Arsenal” klublari uni sotib olishni xohlashgan. “Kosmos” unga oʻsha paytda rekord miqdordagi mablagʻ sanalgan million dollar toʻlashga rozi boʻlgandi. Biroq baʼzi muammolar tufayli u faoliyatini “Iraklis”da yakunlagan.

1984-yil Xadzipanagis jahon yulduzlar terma jamoasi safida harakat qilgan. “Kosmos” bilan oʻtgan bellashuvda u jahon yulduzlari uchun Bekkenbauer, Kempes, Shilton va Kigan singari oʻyinchilar bilan birga harakat qilgan. AQSHda boʻlib oʻtgan uchrashuvda u “Paxtakor” futbolchisi sifatida maydonga tushirilgan. Uning harakatlarini kuzaish uchun grek millatiga mansub 15 mingdan ortiq ishqiboz stadionga kelgan. Gretsiya terma jamoasi tarkibida esa 1999-yil, 45 yoshida yagona uchrashuvini oʻtkazgan! Uning terma jamoa uchun hech boʻlmasa bir marta oʻynashini butun mamlakat istagani tufayli Lakis Ganaga qarshi bahsning oxirgi 25 daqiqasida toʻp tepgan va golli pas muallifi boʻlgan!

“Paxtakor” tarkibida Xadzipanagis-An-Fyodorov uchligi raqib jamoalariga katta bosh ogʻrigʻi boʻlgan. Lakis birinchi va oliy ligada jamoa uchun 96 uchrashuv oʻtkazib, 22 toʻp kiritgan. Shuningdek, Kubok va xalqaro oʻrtoqlik bahslarida uning hisobiga yana 5 gol yozilgan.

Faoliyatini tugatgach, bir muddat “Iraklis”da seleksioner, keyinroq Gretsiya futbol federatsiyasida ishladi.

1976-yil “Iraklis” bilan Gretsiya Kubogiga erishgan Vasilis 2003-yil Gretsiyaning oxirgi ellik yildagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Sovrinni qabul qilib olar ekan, Xadzipanagis terma jamoa uchun oʻynay olmagani va xorij klublarida toʻp tepmaganidan afsusda ekanligini taʼkidladi.

Uning fintlarini kuzatar ekansiz, katta tezlik sohibi boʻlmagan ersa-da, raqiblarni osonlik bilan aldab oʻtganini koʻrasiz. Agar unda Yevropada oʻynashga imkoniyat boʻlganda, Xadzipanagis jahon darajasidagi futbolchiga aylanish uchun yetarli salohiyatga ega edi. Biroq unga bu nasib qilmadi. Terma jamoada oʻynamagan, klubi bilan 15 yilda faqat bir marta Gretsiya Kubogini qoʻlga kiritgan, umuman chempion boʻlmagan futbolchining Gretsiyaning oʻtgan asr ikkinchi yarmidagi eng yaxshi oʻyinchisiga aylangani Xadzipaganisning naqadar yuqori saviyada oʻynaganini tasdiqlaydi.

Manba: https://t.me/Pakhtakor_FC

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati