Jismoniy tarbiya va sport vazirligida vazir maslahatchisi tayinlandi
Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining tegishli buyrugʻi bilan yangi lavozim tayinlovi amalga oshirildi. Rasulov Zokir Pardayevich Jismoniy tarbiya va sport vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchi etib tayinlandi.
U faoliyati davomida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa tashkilotlarda Ichki nazorat va monitoring boʻlimi boshligʻi, Qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayoni monitoringini olib borish va sifatini baholash boʻlimi boshligʻi, vazir yordamchisi kabi lavozimlarda ishlagan.
Maʼlumot uchun: davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
- vazirlikda maʼnaviy-maʼrifiy sohaga va davlat tiliga oid qonun hujjatlari hamda dasturlarning ijrosini tashkil etadi;
- maʼnaviy-maʼrifiy sohaga va davlat tiliga oid qonun hujjatlariga soʻzsiz rioya etilishini tanqidiy oʻrganadi, bu borada aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralarini koʻradi;
- davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash boʻyicha jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etadi;
- maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda davlat tilini rivojlantirishga oid qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
- xodimlarga davlat tilini chuqur oʻrganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi hamda davlat tilini keng targʻib qilish va rivojlantirish choralarini koʻradi;
- hududlardagi barcha tashqi yozuvlar, shu jumladan lavhalar, eʼlonlar, reklama va koʻrgazmali boshqa axborot matnlari, tashqi reklama materiallarining davlat tili va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq boʻlishini taʼminlashda ishtirok etadi;
- davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, ilmiy asoslangan yangi soʻz va atamalarni isteʼmolga kiritish, zamonaviy atamalarning oʻzbekona muqobillarini yaratish boʻyicha takliflar kiritadi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati