O'zbekiston qilichbozlik Federatsiyasining Hisobot konferensiyasi bo'lib o'tdi

O'zbekiston qilichbozlik Federatsiyasining Hisobot konferensiyasi bo'lib o'tdi

 

Toshkent shahrida qilichbozlik Federatsiyasi tomonidan "O'zbekiston qilichbozlik Federatsiyasining hisobot konferensiyasi" o'tkazildi. 

Ushbu Konferensiyada O'zbekiston qilichbozlik Federatsiyasi a'zolari, O`zQF Ijroiya qo'mitasi a'zolari, qilichbozlik Federatsiyasining mintaqaviy bo'limlari rahbarlari va vakillari, trener-murabbiylar, hakamlar, shuningdek, qilichbozlik sport turining faxriylari hamda faxriy mehmonlar ishtirok etdi.

O'zbekiston qilichbozlik Federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova Konferensiya ishtirokchilarini qizg`in qutladi va 2022-2024 yillardagi O`zQF faoliyati to'g'risidagi hisobotni taqdim etdi. .. 

 

Jumladan  G. Saidova qilichbozlik sportini mintaqalarda rivojlantirish, qilichbozlik bilan shug`ullanuvchi yosh sportchilar soni va sifatini yanada oshirish, joylardagi mintaqaviy bo`limlarni kerakli sport anjomlari va qilichbozlik ekipirovkalari bilan ta’minlash kabi qator masalalar va muammolar, ularning echimlari to`g`risida axborot berdi. 

 

Konferensiya davomida Qilichbozlik Milliy terma jamoa faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish bo'yicha mutaxassis Ozoda Boybekova so'zga chiqib, respublikamiz hududlarida amalga oshirilgan ishlar to'g'risida hisobot taqdim etdi.

 

O'zbekiston qilichbozlik milliy terma jamoasi sportchilarining 2022-2024yy. mavsumlaridagi xalqaro faolligi to'g'risida O`zQF Xalqaro aloqalar bo'limi bosh mutaxassisi Xalilullo Sharipov hisobot berdi. 

 

Tadbirda ushbu ko`rsatkichlarning oshishi, albatta davlatimiz hamda O'zR sport vazirligi va O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi, homiylar ko’magida amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, Konferensiya ishtirokchilari e’tiboriga O'zQF Taftish komissiyasining 2022-2024 yillardagi hisobotini Federatsiya bosh hisobchisi Nigora Ablakulova taqdim etdi.

 

Konferensiya davomida Federstsiya bosh kotibi Gulnora Saidova o'z chiqishlarida Osiyo o'yinlari-2025, Olimpiya o'yinlari-2028 va xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko'rish kabi muhim vazifalar haqida batafsil ma'lumot berdi. Shu bilan birga u hozirgi vaqtda kadet-o`smirlar va yoshlar yosh toifasidagi sportchilarga e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

 

Shuningdek, Konferensiya ishida qilichbozlik Federatsiyasining mintaqaviy bo'limlari rahbarlari, vakillari o`z taklif-mulohazalari va savollari bilan chiqish qilib, muhokamalarda qizg`in ishtirok etdilar.

 

Tadbir yakunida qilichbozlik Federatsiyasi mintaqaviy bo'limlarining eng faol rahbarlari va vakillari, sport faxriylari, murabbiylar, hakamlar qilichbozlik sportini keng targ`ib qilish va rivojlantirishga qo`shgan samarali hissasi uchun taqdirlandi.

 

O`zQF

Matbuot xizmati