Los-Anjeles-2028: Qilichbozlarimiz jamoaviy dasturda ham litsenziya qoʻlga kiritishni niyat qilishgan

Los-Anjeles-2028: Qilichbozlarimiz jamoaviy dasturda ham litsenziya qoʻlga kiritishni niyat qilishgan

Sport vazirligi hamda MOQ mutasaddilari federatsiya va assotsiatsiyalarning yangi Olimpiya sikliga tayyorgarlik rejalari bilan tanishib chiqmoqda. Bu gal Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasining taqdimoti oʻrganildi.

Qilichbozlarimiz soʻnggi ikki Olimpiya oʻyinlarida delegatsiyamiz tarkibida ishtirok etib kelishmoqda. Yangi Olimpiya mavsumi terma jamoamiz uchun har qachongidan masʼuliyatli hisoblanadi. Boisi 2027-yil Toshkent kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi va unda Olimpiada uchun eng yirik reyting ochkolari oʻynaladi. Federatsiya taqdimotida rais Maxsud Abdusamadov va Bosh kotib Gulnora Saidova bu borada alohida toʻxtalib oʻtishdi.

Ularning taʼkidlashicha, qilichbozlarimiz bu gal jamoaviy dasturda ham Olimpiada yoʻllanmalari uchun kurash olib borishadi. Bu borada sablyachilarimizning imkoniyati yuqori baholanib, hozirdan tayyorgarlik boshlab yuborilgani maʼlum qilindi. Shuningdek, qilichbozlarimizni boshqa yoʻnalishlarda ham munosib tayyorlash borasida ishlab chiqilgan reja tanishtirildi.

Suhbat davomida yangi Olimpiya siklida terma jamoaga jalb qilinishi kutilayotgan xorijlik murabbiylar masalasiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Terma jamoa bosh murabbiyi Ruslan Kudayev xorijlik mutaxassislar bilan ishlash, yurtimizda yoshlar oʻrtasidagi Osiyo va Jahon kubogi bosqichlarini oʻtkazish orqali iqtidorli sportchilarni saralash koʻzda tutilganini qoʻshimcha qildi.

Suhbat yakunida federatsiyaning hududiy boʻlimlari bilan ishlashni yanada jadallashtirish tavsiya qilinib, Oʻzbekiston delegatsiyasini Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga puxta tayyorlash boʻyicha ishlab chiqiladigan Prezident qarori loyihasi uchun takliflar belgilab olindi.