Birinchi marta O‘zbekistonlik sablyachimiz Zaynab Dayibekova qilichbozlik bo‘yicha Osiyo chempionati oltin medalini qo‘lga kiritdi
Birinchi marta O‘zbekistonlik sablyachimiz Zaynab Dayibekova qilichbozlik bo‘yicha Osiyo chempionati oltin medalini qo‘lga kiritdi
Avval xabar qilinganidek, 2023-yilning 17-22-iyun kunlari Usi shahri (XXR)da qilichbozlik bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu musobaqaning eng ahamiyatli jixati shundaki, unda sportchining qo'lga kiritilgan ochkolari 2024 yilda Parijda bo'lib o'tadigan Olimpiya o'yinlariga litsenziya olish uchun muhim hisoblanadi.
Mazkur nufuzli xalqaro turnirda dunyoning yetakchi qilichbozlari va terma jamoalari qatorida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham ishtirok etmoqda.
Quvonarlisi, chempionatda ishtirok etayotgan eng kuchli qilichbozlar orasida Zaynab Daybekova barcha raqiblariga qarshi bahslarda g‘alaba qozondi.
Shunday qilib, chorak final bahsida Z.Dayibekova avstraliyalik qilichboz Vasilyeva Veronikani 15:9 hisobida yaqqol ustunlik bilan mag‘lub etdi.
Qiziqarli va shiddatli kechgan yarim final bahsida Zaynab Dayibekova hindistonlik Chadalavada Ananda Sundxararaman Bxavani Devidan 15:14 hisobida g‘alabani tom ma’noda “tortib oldi”.
Shu tarzda yakuniy hal qiluvchi final jangida Zaynab o`z raqibiga qarshi munosib kurash olib bordi va koreyalik qilichboz Yun Jisu ustidan g'alaba qozondi.
Hisob 15-9.
Nihoyat, uzoq kutilgan g‘alaba – qilichbozimiz Zaynab Dayibekova o‘zbek qilichbozlik tarixida ilk bor Osiyo chempionatida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va shu tariqa jonajon vatanimiz O`zbekiston bayrog`ini yuqori ko`tarib chempionatning oltin medaliga sazovor bo`ldi.
Tabriklaymiz! Barakalla Zaynab!
O`zQF Matbuot xizmati