Bundan roppa-rosa 2 yil muqaddam o‘zbek xalqining fidoyi farzandlaridan biri Mirabror Usmonov 71 yoshida olamdan o‘tgan edi.
Mirabror Zufarovich Usmonov 1947 yil 4 iyul kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Umrining asosiy qismini mamlakatimizni jahonning yetakchi sport derjavalaridan biriga aylantirishga sarfladi va buni uddalay oldi ham. London-2012 Olimpiya o‘yinlardagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, aniqrog‘i 2013 yilning boshida Mirabror Usmonov O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi boshqaruviga keldi. Shundan so‘ng qisqa fursat ichida o‘zbek sporti va Olimpiya harakati taraqqiyotida tub burilish yasay oldi.
Xususan, 2013 yil Rossiyaning Qozon shahrida o‘tgan Butunjahon talabalar Universiadasida O‘zbekistonning 100 dan ortiq delegatsiyalar orasida yigirma ikkinchi o‘rinda bo‘lishi yuksak g‘alabalarning boshlanishi sifatida yodda qoldi. Keyinchalik, delegatsiyamiz Mirabror Usmonov boshchiligida 2014 yil Xitoyning Nankin shahrida o‘tgan ikkinchi o‘smirlar Olimpiadasi, Incheon-2014 yozgi Osiyo o‘yinlarida katta yutuqlarga erisha oldi. Incheonda o‘tgan Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK)ning Bosh Assambleyasida xalqaro tashkilot Mirabror Zufarovichning Markaziy Osiyoda Olimpiya harakatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini yuksak baholadi va OOK Oltin ordeni bilan taqdirladi. Mukofotni Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Baxning shaxsan o‘zi topshirgani esa mashaqqatli mehnatning eʼtirof etilganidan dalolatdir.
2015 yil O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining hozirgi binosining foydalanishga topshirilishi, XOQ prezidenti Tomas Baxning yurtimizda Olimpiya kunini nishonlanishi arafasida tashrif buyurishi bilan yodda qoldi. 2016 yil esa dunyo arenalarida o‘zbek atletlarining porlashi bilan barchaning xotirasiga muhrlandi. Rio-2016 yozgi Olimpiya o‘yinlarida 13 ta, Paralimpiya o‘yinlarida esa 32 ta medalning qo‘lga kiritilishi misli ko‘rilmagan natijadir. Ahamiyatlisi, Rio Olimpiadasida delegatsiyamiz 206 mamlakat orasida 21-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi. O‘zbek sportidagi bunday yutuqlar bevosita hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi va Mirabror Usmonovning MOQga rahbarlik qilgan davrida qo‘lga kiritildi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Mirabror Usmonov 1995 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 1997 yilda O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i, 2006 yilda “O‘zbekiston mustaqilligining 15 yilligi” esdalik nishoni, 2012 yilda “El-yurt hurmati” ordeni, 2017 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan. 2014 yili esa FIFAning “Xizmatlari uchun” maxsus ordeni va Osiyo Olimpiya Kengashining “Oltin ordeni” bilan taqdirlangan. Shuningdek, 2006 yildan 2017 yilgacha O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti lavozimida faoliyat olib borgan. Ushbu davr orasida o‘smirlar terma jamoamiz Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. O‘smirlar va yoshlar terma jamoalarimiz jahon chempionatlarida muntazam ishtirok etib, kuchli sakkiztalikdan joy olishdi. Hozirda Mirabror Usmonovning xotirasiga bag‘ishlab turli sport musobaqalari va tadbirlari tashkil qilinmoqda.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi yurtimiz sporti taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilgan insonlarni hech qachon unutmaydi. Mirabror Zufarovich Usmonovning porloq xotirasi ham qalbimizda mangu yashaydi.