Xorazm viloyatida “Sport haftaligi” boshlandi
Mazkur haftalik doirasida barcha hududlarda ommaviy badantarbiya mashqlari, “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” loyihasi, “Milliy sport oʻyinlari festivali”, “Hokim kubogi” musobaqalari, velomarafonlar, “Xotin-qizlar spartakiadasi” kabi 40dan ortiq ommaviy sport tadbirlari tashkil qilish rejalashtirilgan.
Sport haftaligi doirasidagi ilk ommaviy tadbirlar Xiva shahrida start oldi. Unda qadim va navqiron Xiva shahridagi tashkilot va muassasalar xodimlari va keng jamoatchilik ishtirokida ertalabki badantarbiya mashqlari hamda “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” loyihalari tashkil qilindi. Kun davomida sportning oʻyin turlari boʻyicha “Hokim kubogi” musobaqalari ham tashkil etildi.
Haftalik doirasida Gurlan va Xonqa tumanlarida mahalla yoshlari hamda tashkilot muassasalarining xodimlari ishtirokida mini-futbol boʻyicha “Hokim kubogi” musobaqalari tashkil qilindi. Unda 200 nafardan ortiq oʻsmir-yoshlar va tashkilot xodimlari gʻoliblik uchun oʻzaro bahs olib bordi. Musobaqaning gʻolib va sovrindorlari tuman hokimligining diplom, medal, esdalik sovgʻalari va kubok bilan taqdirlandi.
Xulosa qilib aytganda, bu kabi ommaviy sport tadbirlari aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish va aholi salomatligini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati